«Kun.uz» nashri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Alpomish mahallasi hududida joylashgan, mahalliy aholi tilida «Tohir» nomi bilan ataladigan bog‘ o‘rnida ofis binolari qurilayotgani haqida xabar qildi. Nashrga mahalliy aholining bildirishicha, 2019 yilda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qarori bilan bog‘ning 40 sotix maydoni «ABIS-AG» MCHJga ofis binolari qurish uchun berilgan.

«Ammo hokim qaroridan na odamlarning, na tuman ekologiya bo‘limining, na mahalla raisining xabari bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bog‘ hududida 1 500 tupga yaqin manzarali va mevali daraxtlar bor. «Yashil makon» milliy harakati doirasida hudud aholisi tomonidan yuzlab nihollar o‘tqazilgan. 1,8 gektarni egallagan bog‘da bolalar va sport maydonchalari ham bor.

Toshkent shahri hokimligi ushbu xabar yuzasidan munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, qayd etilgan hududda ofis va boshqa binolarning qurilishiga ruxsat berilmagan hamda loyiha hujjatlari tasdiqlanmagan.

«Prezidentining farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan bo‘lib, shahar hokimligi tomonidan ko‘rsatilgan hududdagi daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘yilmaydi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Yer kodeksining 36-moddasida qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil davomida foydalanilmasa, unga egalik qilish huquqi yohud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi bekor qilinishi belgilangan.

«Videolavhada tilga olingan Toshkent shahar hokimining 2019 yil 12 fevraldagi qarorining „yerni tadbirkorga ajratish“ qismi bir yil muqaddam o‘z kuchini yo‘qotgan», — deyiladi hokimlik xabarida.