13 dekabr kuni Toshkent viloyati IIBB va IIV xodimlari tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M. U. (1978 y.t.) ikki qizni Hindistonga jo‘natishga uringan vaqtda qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u namanganlik 19 va 27 yoshli opa-singilni aldab, ishonchiga kirib, ularni mo‘may daromad topishga ishontirib, Toshkent-Hindiston avia yo‘nalishi orqali fohishalik bilan shug‘ullanishlari uchun yubormoqchi bo‘lgan.

Aniqlanishicha, ushlangan shaxsning shar’iy nikohdagi xotini hozirgi kunda Hindiston davlatida bo‘lib, qizlarni kutib olishi va ularni fohishalik qilishlari uchun sharoit yaratishi hamda er-xotin buning ortidan mo‘may daromad topishni rejalashtirgan bo‘lgan. Hatto qizlarning Hindistonga borish va viza xarajatlarini o‘zlari to‘lab bergan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxs va uning xotiniga nisbatan Qibray tumani ichki ishlar boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda jinoyatga aloqador ayolni Hindistonda ushlash va ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, viloyat IIBB tezkor xodimlari tomonidan 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida 8 ta holatda 15 nafar shaxs qo‘lga olingan. Tadbirlar natijasida 12 nafar shaxsning, jumladan, 9 nafar ayolning odam savdosi qurboni bo‘lishining oldi olinishiga erishilgan.