IIV Jamoat xavfsizligi depertamenti yo‘l-harakat xavfsizligi boshqarma boshlig‘i Fazliddin Toshkenboyev Toshkent shahrida 475 kmga yaqin 34 ta alohida avtobus yo‘lakchalari tashkil etilishini ma’lum qildi.

Rejaga ko‘ra, yaqin bir hafta ichida asosiy — Alisher Navoiy, Beruniy, Amir Temur va Farg‘ona yo‘li ko‘chalari bo‘ylab yo‘lakchalar tashkil etiladi. Qolgan ko‘chalarda esa 1−2 oy ichida to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.

Boshqarma boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin. Qolgan avtotransport vositalariga esa harakatlanish taqiqlanadi va bu tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

avtobus yo‘li, жамоат транспорти, тошкент

«Ammo har qanday avtomobilga ma’lum sababga ko‘ra, masalan, yo‘l yoqasidagi obyektlarga yoki ko‘chaga kirish uchun ushbu yo‘lakda foydalanishga ruxsat etiladi», — dedi Fazliddin Toshkenboyev.

Buning uchun yo‘lakchalarda uziq chiziqlar mavjud bo‘lib, taxminan 40−50 metr masofa belgilanadi. Ko‘cha yoki obyekt boshlangan joyda ushbu uziq chiziqlarning ta’sir doirasi tugaydi va avtomobillar avtobuslar uchun mo‘ljallangan yo‘lakchani bo‘shatib qo‘yishlari talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Gazeta.uz» Toshkentning Navoiy ko‘chasida avtobuslar uchun alohida yo‘lak paydo bo‘lgani va u qanchalik foyda berayotgani haqida yozgandi.