20 dekabr kuni prezident parlament va xalqqa yo‘llagan murojaatnomasida Samarqand va Namangan shaharlarini alohida ma’muriy-hududiy birliklar sifatida respublika bo‘ysunuviga o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ning hukumatdagi axborot manbasi ma’lum qildi.

«Ma’muriy islohotlar doirasida yana bir muhim tashabbusni ilgari surmoqchiman. Hozirga kelib Markaziy Osiyoda aholisi milliondan ortiq shaharlar 7 taga yetdi. Mintaqamizda poytaxtlar bilan bir qatorda, boshqa yirik shaharlar ham «o‘sish nuqtalari»ga aylanmoqda. Bular orasida Samarqand va Namangan shaharlari ham bor. Ularning har birida aholi soni bir millionga yetmoqda», — dedi prezident o‘z nutqida.

Shuningdek, davlat rahbari ikkala shaharda ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani, Samarqand shahri dunyo taniydigan megapolisga, xalqaro turizm va biznes markaziga aylangani, Namangan ham sanoat, tadbirkorlik, ta’lim, madaniyat sohalarida mintaqaviy markaz sifatida o‘z o‘rnini topayotganini qayd etdi.

«Samarqand va Namangan shaharlarini alohida ma’muriy-hududiy birliklar sifatida respublika bo‘ysunuviga o‘tkazishni taklif qilaman», deya taklif berdi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu viloyat hokimlari faqat yirik shaharlar bilan emas, tumanlarda sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha ham ishlashi talab etiladi.

Har ikkala shaharni rivojlantirish dasturi Vazirlar Mahkamasida tasdiqlanib, ularning ijrosi uchun bevosita Bosh vazir javob beradi, deya ta’kidladi davlat rahbari.