O‘zbekistonda korrupsiya haqida ko‘p gapirilyapti, lekin tizimida korrupsiyaga yo‘l qo‘yilsa, nima uchun vazir javob bermasligi kerak? Ushbu savolni prezident Shavkat Mirziyoyev xalqqa murojaatida o‘rtaga tashladi.

«Endi so‘rov boshqacha bo‘ladi. Vazir o‘z tizimiga ajratilgan mablag‘larni samarali va maqsadli ishlatish bo‘yicha birinchi bo‘lib, o‘zi javob beradi. Davlat vakillari o‘zining halol mehnati, oddiyligi, xalqsevarligi, samimiyligi va fidoyiligi bilan odamlarimiz mehrini qozonishi kerak», — dedi u.

Endi, vazirlarning siyosiy mas’uliyati oshirilib, Hukumat qarorlari loyihalari, mamlakatimiz hayotiga oid muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bevosita vazirlar ishtirokida kollegial hal etiladi.

«Har bir viloyatdagi muammolarni yechish uchun, har oyda joyiga chiqqan holda „Hukumat kuni“ o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi. Vazir har yil boshida jamoatchilik oldida sohadagi rejasi va yil yakuni bilan esa uning natijasi bo‘yicha hisobot beradi. Ta’kidlab aytmoqchiman — endi, qaysi vazir o‘z ishini eplay olmasa, iste’foga chiqadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, endi davlat lavozimlariga faqat konkurs asosida ishga qabul qilinishi ta’kidlandi.

«Bu yil «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi yangi Qonunni qabul qildik. Bundan buyon davlat lavozimlariga faqat konkurs asosida ishga qabul qilinadi. Barcha rahbarlar faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholab boriladi. Har yili 500 nafar mutaxassisni eng nufuzli xorijiy oliygoh va markazlarda o‘qitib kelamiz», — dedi davlat rahbari.

«Kelasi ikki yilda har bir tuman va shahar hokimligiga respublika idoralarida yuqori lavozimlarda ishlagan, bilimli va tajribali kadrlar qo‘yiladi.

«Yangi yildan boshlab har bir hokim o‘z tumaniga 40−50 million dollar xususiy investitsiyalarni olib kelishi kerak bo‘ladi», — dedi prezident.