O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakat parlamentiga yo‘llaydigan murojaati jonli efirda namoyish etiladi. Tadbir seshanba kuni soat 11:00 da boshlanadi.

Uni «O‘zbekiston 24», «O'zbekiston», «Yoshlar» va «Mahalla» davlat teleradiokanallari, «Madaniyat va ma’rifat», «Dunyo bo’ylab», «Toshkent» va «O'zbekiston tarixi» telekanallari orqali tomosha qilish va tinglash mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, «Mening yurtim», «Sevimli», «UzReport TV», «Milliy» va «Zo'r TV» xususiy telekanallari tomonidan ham efirga uzatiladi.

Internet tarmog‘ida davlat rahbarining ijtimoiy tarmoqlardagi (Telegram, Facebook va boshqalar) kanallari hamda mtrk.uz va uztv.uz saytlarida (TV kanallaridan birini tanlab) kuzatish mumkin bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlisga birinchi Murojaatnomasini taqdim etgandi. O‘shanda tadbir to‘rt soat davom etdi. Keyingi uchta murojaat — 2018 yil 28 dekabr, 2020 yil 24 yanvar va 2020 yil 29 dekabr kuni bo‘lib, taxminan uch soat davom etdi.

Murojaatnomada prezident an’anaga ko‘ra o‘tayotgan yil yakunlarini sarhisob qiladi, kelasi yil nomini e’lon qiladi va kelajak uchun qator tashabbuslar bilan chiqadi.