Bugun, 19 dekabr kunduz kuni O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, deya ma’lum qildi O‘zgidromet. Ertalab respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida ba’zi joylariga tuman tushadi. Havo harorati +7…+10 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

Ertaga, 20 dekabr kuni respublikaning katta qismida +7…+10 daraja iliq bo‘lgan harorat bilan quruq va nisbatan iliq ob-havo saqlanib turadi. Faqat shimoliy hududlarga Kavkaz hududlaridan sovuq antitsiklon kirib kelishi boshlanadi.

Front kirib kelishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha biroz qor yog‘ishi kutilmoqda, ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayadi, havo harorati 0…+3 daraja iliqgacha pasayadi.

21 dekabrda sovuq antitsiklon kirib kelishi respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir va qor ko‘rinishida biroz yog‘ingarchilik bo‘ladi. Ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayadi. Havo harorati kechasi −3…+2 daraja, kunduzi +3…+8 daraja atrofida bo‘ladi. Respublika shimolida kechasi harorat −9…−11 darajagacha kuchayadi, kunduz kuni 0…-3 darajagacha pasayadi.

22−23 dekabr kunlari O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 22 dekabrda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda biroz qor yog‘adi. Harorat kechalari −2…−5 darajagacha, kunduz kunlari +2…+5 darajacha pasayadi.

Respublika bo‘yicha kechasi va ertalab tuman tushishi kutilmoqda. 21−22 dekabr kunlari yo‘llarda yaxmalak kuzatiladi.