Toshkent hokimligi «hozirgi kunda ayrim quruvchi tashkilotlar qurilish loyihasi hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi tomonidan tasdiqlanmagan va ekspertizadan o‘tmagan ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarni „qurib berish“ shartlarida sotishni taklif etayotganini» ma’lum qildi.

«Aksariyat hollarda, bunday xonadonlarni sotib olishga shartnoma tuzganlar xonadonni o‘z nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish, ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr tarmoqlariga ulashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda», — deyiladi poytaxt ma’muriyati xabarida.

Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentning Taras Shevchenko ko‘chasi 23-uy manzilida barpo etilishi rejalashtirilgan «DAhO ko‘p funksiyali majmuasi» bo‘yicha reklama qilinayotgan 5 ta ko‘p kvartirali uylar loyihasi bo‘yicha hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi qarori olinmagan va davlat ekspertizasidan o‘tkazilmagan.

Poytaxt ma’muriyati fuqarolarga yangi quriladigan uylardan xonadon sotib olishda taklif etilayotgan qurilishi rejalashtirilgan uy qurilish loyihasi hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashida ko‘rib chiqilib, davlat ekspertizasidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi xujjatlar bilan tanishni tavsiya qildi.

«Loyihasi kelishilmagan, davlat qurilish ekspertizasidan o‘tkazilmagan uydan kvartira sotib olib, o‘zingizni uzoq davom etadigan muammolarga duchor qilmang», — deya ma’lum qildi hokimlik.

Ma’lumot uchun, DAhO majmuasining sotuv ofisi 3 dekabr kuni tantanali ravishda ochilgan bo‘lib, shu kundan sotishlar boshlangan. Qurilish ishlari bilan Turkiyaning Koc Group kompaniyasi shug‘ullanmoqda.