Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida aholini daromadli mehnat bilan band qilish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

2022 yil davomida doimiy bandlar soni Kitob, Koson, Mirzaobod, Narpay, Nishon, Furqat tumanlarida kamaygan.

Xususiy sektorda faoliyat ko‘rsatayotgan 232 mingta korxonada ishchilar soni bor-yo‘g‘i 1 nafarni tashkil qiladi. «Bu degani, ular haliyam «yashirin iqtisodiyot» sharoitida ishlab, «konvert»da oylik to‘lab kelmoqda», — deya qayd etildi yig‘ilishda.

Bunday holat 47 ta tumanda eng yuqori. Misol uchun, Nukus, Zarbdor, Mirishkor, Muzrabot, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida — 80 foiz, Jondor, Koson, Urgut, Pastdarg‘om, Uchqo‘rg‘onda — 75 foiz, Guliston, Namangan, Qo‘shko‘pir tumanlarida — 70 foiz korxonalarda 1 ta ish o‘rni ko‘rsatilgan.

2022 yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvarga qadar chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona xizmatlari, yo‘lovchi va yuk tashish, avtotransport vositalarini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish, kompyuter xizmatlari, maishiy texnika, texnologiya, agro- va veterinariya xizmatlari, shuningdek, ko‘ngilochar markazlarda ko‘rsatiladigan xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga pasaytirildi.
bandлик, шавкат мирзиёев, qurilish

Ushbu 47 ta tumandagi korxonalarning yarmidan ko‘pi aynan shu faoliyatlar bilan shug‘ullanadi. «Lekin bu tumanlardagi korxonalar adolatli soliq to‘lash va davlat bilan hamkorlikka o‘ta olmayapti», -deyiladi xabarda.

Shuningdek, 25 yoshgacha bo‘lganlarni ishga qabul qilganda, tadbirkorlar 6 oy davomida ijtimoiy soliqdan ozod qilingan.

«Bu imtiyozlar aynan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirishga turtki berishga qaratilgan-ku! Lekin ushbu tumanlarning hokimi, birinchi o‘rinbosari va soliq rahbari nima bilan band? Nima uchun, 70−80 foiz korxonalarida 1 nafardan xodim ishlayotgani bilan biror marta qiziqib ko‘rmagan?» — so‘radi davlat rahbari.

Viloyat hokimlariga mas’ul idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda bu 47 ta tumanda so‘rov o‘tkazib, har biriga alohida yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.

Mutasaddilarga bir oy muddatda qurilish sohasida 6 oygacha ishga qabul qilish bo‘yicha soddalashgan mehnat shartnomalarini ishlab chiqib, kelgusi yilda norasmiy sektordagi 100 ming aholini qonuniy faoliyatga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.