Toshkent shahrida fuqaro xolasining o‘g‘lini pichoqlab o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda «Millar» dasturiga tayanib Oliy sud matbuot xizmati xabar qildi.

2022 yil 7 avgust kuni soat taxminan 22:00 larda Chilonzor tumani Dombraobod MFYda joylashgan bolalar maydonchasida 1999 yilda tug‘ilgan ayblanuvchi va uning 1993 yilda tug‘ilgan xolavachchasi bir biri bilan og‘zaki tortishib ketib, janjallashadi. Oqibatda sudlanuvchi o‘zi bilan olib kelingan pichoqni jabrlanuvchi tanasining bir necha qismiga tiqib oladi.

Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchi og‘ir darajadagi jarohati olgani sababli vafot etgani aniqlandi.

«7 avgust kuni xolamning o‘g‘li bilan telefonda so‘kishib ketdik. Bir joyga borib o‘tirganimizda menga qo‘l ko‘targanlarida yiqilib, cho‘ntakdagi pichoqni tiqib oldim. Birinchisi kirmadi deb yana ikki marta tiqdim. Uni shifoxonaga olib ketishdi, men voqea joyidan ketdim. Agar ursalar, qo‘rqitaman degan maqsadda pichoq olgan edim. Biz juda yaqin, bir-birimizni yaxshi ko‘rganmiz», — deydi ayblanuvchi.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan aybli deb topilib, 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi.