Qozog‘istonning KEGOC elektr tarmoqlarini boshqarish kompaniyasi energiya taqchilligi sababli mamlakat shimoli, janubi va g‘arbidagi sanoat korxonalariga elektr energiyasi iste’molida vaqtinchalik cheklovlar joriy qildi, deya xabar qilindi operator saytida.

«Qozog‘iston YAET (yagona elektr tizimi) ishonchli ishlashini ta’minlash uchun jiddiy nomutanosiblik sharoitida tizim operatori Qozog‘iston energetika tizimining Shimoliy, Janubiy hamda G‘arbiy zonasida yirik sanoat korxonalari tomonidan elektr energiyasi iste’moliga cheklovlar joriy etilishini o‘z ichiga oluvchi „Avariya“ rejimini e’lon qilishga majbur. Shu bilan birga, tizim operatori uchun aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish ustuvor vazifa hisoblanadi», — deyiladi press-relizda.

KEGOC ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida Qozog‘istonda elektr energiyasi iste’moli sezilarli darajada oshdi va 7 dekabrda Qozog‘iston energetika tizimining butun tarixidagi maksimal iste’mol qayd etildi — 16 459 MVt, mamlakat elektr stansiyalarining umumiy ishlab chiqarish quvvati esa atigi 15 203 MVtni tashkil etdi. Taqchillik Rossiyadan rejadan tashqari oqimlar hisobiga qoplandi.

«Elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun ishlab chiqarishdagi tizimli tanqislik Qozog‘iston elektr stansiyalarida tez-tez avariyaviy va rejadan tashqari ta’mirlash ishlari olib borilishi tufayli yuzaga kelmoqda», — deyiladi hisobotda.

Dekabr oyi boshida kompaniya Qozog‘istonda kuchli sovuq tufayli elektr energiyasi iste’moli ortganini ma’lum qilgan edi.

Qozog‘iston elektr energiyasi va quvvatlar bozori operatori (KOREM) ma’lumotlariga ko‘ra, 14 dekabr kuni Qozog‘iston elektr stansiyalari 356,7 mln kVt/soat energiya iste’mol qilinishi sharoitida 350,8 mln kVt/soat energiya ishlab chiqargan. Shu bilan birga, yil boshidan buyon saldo ijobiy bo‘lib qolmoqda — 106 mlrd 731 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 106 mlrd 683 mln kilovatt/soat iste’mol qilingan.