O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari soni 31 mlndan oshdi, dedi chorshanba kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Hukumat soati» doirasida so‘zlagan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, internet foydalanuvchilarining katta qismi — 29,5 mlndan ortig‘i (mamlakatning doimiy aholisi soni 36 mlndan ortiq) tarmoqqa mobil telefonlar orqali kirishadi.

Xalqaro internet-kanalga ulanish tezligi so‘nggi ikki yilda 2,6 baravarga oshib, 3200 Gbit/s ga yetdi.

Hududlararo magistral telekommunikatsiya tarmoqlarining quvvati 600 Gbit/s, tumanlararo — 60 Gbit/s ga yetdi, dedi vazir.

Qolaversa, 2021−2022 yillarda 102 ming kv.m optik tolali aloqa liniyalari tortilib, ularning umumiy uzunligi 170 ming kilometrga yetdi.

Shu davrda 1,7 mlnga yaqin keng polosali [yuqori tezlikdagi] portlar o‘rnatilib, 4,4 mln aholi xonadonlari, tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarini keng polosali internet tarmog‘iga ulash imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, so‘nggi ikki yilda 22 300 ta qo‘shimcha tayanch stansiyalari o‘rnatilib ularning umumiy soni 54 mingtani tashkil etmoqda.

Respublika bo‘yicha mobil aloqa qamrovi darajasi 99 foizga, keng polosali mobil internet qamrovi 98 foizga yetkazildi.