O‘zbekistonda «bir jinsli shaxslar o‘rtasidagi g‘ayritabiiy munosabatlar»ni ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, internetda, jumladan, bloggerlar tomonidan targ‘ibot qilishni taqiqlash rejalashtirilmoqda. Bu ibora Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan va muhokamaga qo‘yilgan Axborot kodeksi loyihasida keltirilgan.

Kodeks axborotlashtirish, axborot olish erkinligi, jurnalistika va OAV, davlat hokimiyati organlari faoliyatining ochiqligi hamda bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohalariga oid sakkizta amaldagi qonunlarni birlashtirishi kerak.

«Bir jinslilar o‘rtasidagi g‘ayritabiiy aloqalarni targ‘ib qilish» iborasi amaldagi qonunlarda mavjud emas, biroq taklif etilayotgan kodeks loyihasining ikki moddasida uchraydi:

45-modda. Internet jahon axborot tarmog‘ida axborot xavfsizligini ta’minlash (ushbu modda Axborotlashtirish to‘g‘risidagi qonunning 12−1-moddasi «Hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish»ning to‘ldirilgan shakli hisoblanadi:

«Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan yoxud boshqa axborot resursidan… pornografiyani, zo‘ravonlikni va shafqatsizlik, bir jinslilar o‘rtasidagi g‘ayritabiiy aloqalarni targ‘ib qilish, shuningdek o‘z joniga qasd qilishga da’vat etish… maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart».

54-modda. Ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi (OAV to‘g‘risidagi qonuning shu nomdagi 6-moddasining to‘ldirilgan shakli):

«Ommaviy axborot vositalaridan… pornografiyani, bir jinslilar o‘rtasidagi g‘ayritabiiy aloqalarni targ‘ib etish… maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi».

Kodeks loyihasida «bloger» tushunchasi amaldagi qonunchilikdagi kabi o‘zgartirishsiz qoldirilgan: «Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs».