Qashqadaryo hokimi Murotjon Azimov tanqidlarga javob qaytaruvchi blogerlar jamoasini tuzishni taklif qilgan talabani hokimlikka ishga olinishini ma’lum qildi. U bu haqda 13 dekabr kuni Qarshi davlat universiteti talabalari bilan bo‘lgan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Talaba qiz Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi huzurida har bir tumanda OTMlarning ko‘ngilli yoshlaridan tashkil topgan yosh blogerlar jamoasini tuzish va ularni kerakli texnik jihozlar bilan ta’minlash, muntazam o‘quv-seminarlarini tashkil etish takflini bergan.

«Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad nima? Yurtimizda, ayniqsa, Qashqadaryo viloyatida olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni keng ommaga targ‘ib qilish bo‘ladi. Ayrim blogerlar tomonidan tanqidiy masalalarga ba’zi holatlarda noto‘g‘ri yondashayotgani viloyatimizning ba’zi joylarida, o‘ziz aytganingizdek, bizni xafa qiladigan darajaga yetkazyapti», — dedi talaba qiz.

Qizning so‘zlariga ko‘ra, jamoa «100 ta oq narsani ko‘rsatmasdan, bitta qora narsani ko‘rsatayotganlar» uchun ijobiy javob qaytarib turadi. Murotjon Azimov ushbu taklifni bergan talaba qizni viloyat hokimligiga ishga olishini aytdi.