Bugungi kunda birinchi chorak yakunigacha 2 mln 346 ming nafar migrant chet elda ishlamoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida agentlik boshqarma boshlig‘i Azim Ahmatov aytib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, bu raqamlar barcha manbalar hisobida tahlil qilingan hamda e’lon qilingandan so‘ng ham 400 ming nafarga yaqin migrant O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Xorijdagi fuqarolarning aksariyat qismi — 1,5 mln nafari hozir Rossiyada mehnat migratsiyasini o‘tayapti. Ularning deyarli 200 ming nafari norasmiy ishlamoqda. Koreya Respublikasida 64 ming O‘zbekiston fuqarosi ishlayotgan bo‘lsa, undan 13 ming nafari norasmiy faoliyat ko‘rsatyapti.

«Boshqa ko‘p davlatlarga ketgan fuqarolarimiz tashkiliy tartibda ketgan bo‘lmasa ham, ishlash jarayonida hujjatlarni rasmiylashtirib, patent ruxsatnomalarini olganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi, — deya ta’kidladi agentlik boshqarma boshlig‘i Azim Ahmatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, migratsiyada ishtirok etayotgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘laqonli tahlillardan o‘tkazmasdan ommaviy e’lon qilish maqsadga muvofiq emas. Sababi jahon tajribasi hamda xalqaro tashkilotlar tavsiyasida ham mehnat migrantlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar faqat 3 ta manbaga asoslanadi.

Bular so‘rovnomalar o‘tkazish, ma’muriy manbalar orqali (masalan, ularning hududlardan chiqishi va kirishi hisobga olinadi) va turli ilmiy tahlillar va aholi o‘rtasida o‘tkazilgan ro‘yxatga olish jarayonida shakllantirilgan ma’lumotlar asosida. Shuning uchun bu ma’lumotlarni har kuni yangilab borish imkoniyati chegaralangan.

«Shuning uchun, hozirda o‘rtacha 2 mln nafardan ortiq fuqaro chet elda mehnat migratsiyasini o‘tayapti, deb ayta olamiz», — dedi u.

Shuningdek, keyingi yillarda olib borilgan islohotlar natijasida ishlash uchun rasmiy yo‘llar bilan xorijga ketayotganlar soni oshdi.

«Masalan, ilgari 0,15% fuqarolar rasmiy yo‘l bilan ishga ketardi. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, mehnat migratsiyasi jarayoni ko‘paygan paytda 8 foizga, soni cheklanganda 9 foizga chiqyapti. Ya’ni tashkiliy ishga yuborilgan fuqarolar ko‘rsatkichi bugungi kunda 8−9 foizni tashkil qiladi», — dedi Azim Ahmatov.