Shu kunlarda qator ommaviy axborot vositalarida Meksikaning Gomes-Palasio shahrida 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi hibsga olingani to‘g‘risida tarqalgan xabar yuzasidan O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ma’lumot berdi.

O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi Meksikaning AQShdagi elchixonasi, Migratsiya milliy instituti va ushbu mamlakatning boshqa muassasalari bilan muzokaralar olib bordi.

Natijada diplomatik missiya ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar barcha fuqarolar qo‘yib yuborilgan va Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan.

«Ularning hayotiga hech qanday tahdid yo‘q. Barcha fuqarolarimizning shaxsi aniqlangan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, meksikalik hamkorlar bilan O‘zbekiston fuqarolariga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.