Andijon shahrida 6 mingta xonadonning bir oylik iste’moliga teng miqdordagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi, deya xabar qilmoqda Energetika vazirligi.

Iste’molchilar tomonidan elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish, elektr energiyasini talon-toroj qilish holatlarini aniqlash va ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rish yuzasidan «O‘zenergoinspeksiya» tomonidan joylarda nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Xususan, Andijon shahar, Eski O‘sh ko‘chasida faoliyat yuritib kelayotgan «F.X.S» MCHJga qarashli sut mahsulotlarini qayta ishlash korxonasining ikkinchi elektr uzatish liniyasidagi elektr o‘lchov priborlari dasturga kiritilmasdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlanib, hisobga olinmagan elektr energiyasi bo‘yicha 684,17 mln so‘m qayta-hisob amalga oshirildi.

Ushbu hajmdagi elektr energiyasi hozirgi kunda 6 mingta xonadonning bir oylik iste’moliga teng miqdorni tashkil qiladi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan iste’molchining elektr qurilmalari tarmoqdan ajratildi. Aniqlangan holat bo‘yicha tegishli choralar qo‘llash uchun hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Elektr energiyasidan noqoqnuniy foydalanish holatlari bo‘yicha o‘rganishlar davom etmoqda.