Andijonda aholi uchun tortilgan tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanib, 1 mln 642 ming kub gaz noqonuniy sarflangan tadbirkor aniqlandi. Bu huquq tartibot idoralari hamda «Hududgaz Andijon» gaz ta’minoti filiallari xodimlari o‘tkazgan reyd tadbirida ma’lum bo‘ldi. Holat bo‘yicha tafsilotlar «O‘zbekiston 24» kanalida efirga uzatildi.

Tadbirkorlik subyekti tegishli hujjatlarsiz yashirin tarzda ohak sexi tashkil qilgan. Shuningdek, yuqoridagi joyga yonma-yon hududda yana 4 ta xumdon aniqlandi.

Mutaxassislar vaziyatni o‘rganib, nazoratga oldi. Aniqlanishicha, tadbirkor buning ortidan davlatga 1 mlrd 642 mln so‘m miqdorida zarar keltirgan.

Yetkazilgan zarar oqibatida 1 mln 642 ming kub gaz noqonuniy sarflangan, bu 2 mingta xonadonning bir oylik gaziga teng, deyiladi xabarda.

Mazkur holat bo‘yicha Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Andijon viloyati boshqarmasi surishtiruv o‘tkazyapti.