Andijon viloyati Asaka tumanida yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi xodimi o‘z avtomobilida ikki nafar piyodani urib yubordi, deya xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

9 dekabr kuni soat 22:00 larda viloyat IIB JXX yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi xodimi E. M. xizmatdan so‘ng tumanning «Qashqar» MFY hududidan o‘tuvchi 4R-112E avtomobil yo‘lining 2-kilometrida Spark avtomobilida harakatlanib ketayotgan vaqtda ko‘prik ustidagi muzlama yo‘lda transport vositasi sirpanib ketgan. Xodim rul boshqaruvini yo‘qotib, qatnov qismining chetidan ketayotgan ikki nafar piyodani urib yuborgan.

Kollaj: Andijon viloyati IIB

Oqibatda 1994 yilda tug‘ilgan piyoda M. K. olgan tan jarohatlari sabab shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, 2004 yilda tug‘ilgan piyoda A. K. tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.