9 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida SSV Davolash profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Umid Risqiyev «Gazeta.uz» muxbiri savoliga javob bera turib, shifokorlarni bodikamera bilan ta’minlash masalasiga munosabat bildirdi.

Avvalroq, Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova mazkur taklifni ilgari surgandi. Deputat bu boradagi fikrlarini bildirarkan, «Ichki ishlar organlari xodimlarida ana shunday moslamalar mavjud. Ayni paytda 3 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimi mavjud deb hisoblasak, ushbu masalani hal qilish katta mablag‘ talab qilmasa kerak. Aksincha, bu orqali fuqarolarning ham, tibbiyot xodimining ham mas’uliyati oshadi, zo‘ravonliklarga barham beriladi, deb o‘ylayman», — degandi xalq vakili.

SSV vakili mazkur taklifni «chuqurroq o‘ylab ko‘rish zarur»ligini qayd etdi.

«Albatta, tez tibbiy yordam xodimini bodikamera bilan faoliyat yuritishi himoya qilish uchun juda yaxshi narsa. Lekin ikkinchi estetik tomonini ham o‘ylashimiz kerak. Ya’ni shifokor yoki feldsher bemor yoniga kelganda uni har xil holatda ko‘radi: qornini ochib, yechintirib ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Bu bo‘yicha hozir aniq bir yo‘nalish mavjud emas. Men o‘ylaymanki, tez tibbiy yordamda bitta emas, brigada boradi. U yerda 2−3 odam ko‘zi bilan ko‘rib turgandan keyin bodikameraga qanchalik ehtiyoj bor, buni ham chuqurroq o‘ylab ko‘rishimiz kerak», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bodikamera tez tibbiy yordam xodimlariga himoya vositasi bo‘la olmaydi.

«Agar bodikamera bilan himoyalanadigan bo‘lsak, ichki ishlar xodimlari bilan ham tajovuz holatlari yo‘lga tushishi kerak edi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rib turibsizlar, ba’zi joylarda bodikamerasi bor YPX xodimlarini mashina «kapot»iga o‘tirgizdirib olib, sayr qildirib yurgan videolar tarqalyapti. Bu himoya bo‘la olmaydi. To‘g‘ri, tibbiyot xodimlarini kaltaklanishi juda achinarli, jamiyatimizga umuman to‘g‘ri kelmaydigan harakat. Yordam so‘rab yotgan bemorning oldiga kelib, yordam berishga harakat qilayotgan shifokorni urish o‘sha odamning tafakkuri ancha pastligini bildiradi», — dedi Umid Risqiyev.

U tajovuz holatlarini kamaytirish uchun OAVning yordami kerakligi, zo‘ravonlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

«15 sutkalik qamoq jazosi yoki Ma’muriy kodeksga o‘zgartirish kiritish, jarimalar miqdorini ko‘paytirish bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda Oliy Majlis tomonidan ko‘rib chiqilyapti. Bundan tashqari, sizlar (OAV vakillari) tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holati qay darajada yomonligini, bu xalqimizga umuman to‘g‘ri kelmaydigan jarayon ekanligini qoralab yordam bersalaringiz, o‘ylaymanki, odamlarning ongi sal o‘zgaradi va tajovuzlar asta-sekin kamayadi», — dedi SSV rasmiysi.