Markaziy bankning Kiberxavfsizlik markazi (CERT-CBU) o‘zining cert.cbu.uz saytini test rejimida ishga tushirdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Markaziy bankning yangi tuzilmasi to‘lov tizimlari operatorlari, kredit va to‘lov tashkilotlari faoliyatida aniqlangan kibertahdidlar va kiberxavfsizlik hodisalarini ogohlantirish va ularning oldini olish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, sayt orqali bank sohasida sodir bo‘lgan kiberxavfsizlik hodisasi haqida xabar berish, sohadagi yangiliklar, dunyoda kuzatilayotgan hodisalar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish ham mumkin.

Resursda kiberxavfsizlik atamalari lug‘ati hamda ma’lumotlarni himoya qilish va raqamli infratuzilma bo‘yicha foydali ma’lumotlarga ega bilimlar bazasi mavjud.

Bu yerda O‘zbekistondagi moliya institutlarining nomlari va savdo belgilaridan foydalangan holda saytlarga soxta havolalarni ham tekshirish mumkin.

Markaziy bank sayt yangi funksiyalar va foydali ma’lumotlar bilan to‘ldirilishini ma’lum qildi.