Toshkent viloyati prokurori Shavkatjon Rahimov O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasidan tarmoqqa noqonuniy ulangan «Olmaliq g‘isht» g‘isht zavodini gaz ta’minotidan uzmaslikni so‘radi. Bu haqda 9 dekabr kuni aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha respublika shtabi yig‘ilishida prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov ma’lum qildi, deb xabar berdi O‘zA.

Yig‘ilishda gaz quvurlarida bosimning me’yordan pastligi sababli respublika bo‘yicha jami 462 ta mahalladagi qariyb 62 mingta xonadonga tabiiy gaz yetib bormayotgani aytildi.

Shuningdek, vaqtinchalik cheklovlar kiritilgan bo‘lishiga qaramay, gazdan noqonuniy foydalanish holatlari uchrayotgani jiddiy tanqid ostiga olindi.

«Mana, masalan, Olmaliqdagi g‘isht zavod gaz hisoblagichlardagi onlayn modemni uzib, ko‘rsatkichni „nol“ qilib qo‘yib, gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan. Eng qizig‘i, ushbu holat aniqlangach, viloyat prokurori Prezident Administratsiyasi mas’ullaridan shu zavodni tarmoqdan uzmaslikni so‘ragan. Prokurorning manfaati bormi, bunday noqonuniy ulanishga?» — dedi Sardor Umurzakov.

Olmaliqdagi g‘isht zavodi. Foto: Energetika vazirligi.

Administratsiya rahbarining ta’kidlashicha, ushbu zavod egalarining Angrenda ham zavodi bo‘lgan. Bosh vazir o‘rinbosari Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligadagi komissiya Olmaliqqa kelganini eshitib, darrov Angrendagi zavodini yopishgan. Agar Angrendagi zavodda ham qonunbuzilish holati aniqlansa, bu bo‘yicha ham alohida ish qo‘zg‘atilishi ma’lum qilindi.

«Bunaqalarning orqasida kimlar turganigacha topamiz. U hokim bo‘ladimi, prokuror yoki soliqchimi, farqi yo‘q, tadbirkor bilan til biriktirgan bo‘lsa, javobgarlikka tortiladi. Shuningdek, kamida hudud rahbarlarining beparvoligi masalasi ham ko‘rib chiqiladi», — dedi Administratsiya rahbari.

Bir kun avval Energetika vazirligi 9 dekabrga o‘tar kechasi vazir boshchiligidagi maxsus shtab tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida «Olmaliq g‘isht» g‘isht zavodi tomonidan gazdan noqonuniy foydalanganlik holati aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, gaz ta’minoti tashkiloti 29 noyabr kuni zavodni gaz tarmog‘idan uzgan, biroq korxona gaz ta’minotiga ruxsatsiz ulanib olgan.

«Korxona tomonidan noqonuniy foydalanilgan tabiiy gaz hajmi 118 ming kub metrni tashkil etadi. Ushbu hajmdagi tabiiy gaz 5 mingga yaqin hovli xonadonning kuz-qish mavsumida 1 (bir) kunlik iste’molini tashkil qiladi.Holat yuzasidan barcha hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Olmaliq shahar prokuraturasiga topshirildi. Hozirda dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

Kunning ikkinchi yarmida «Gazeta.uz»ga o‘quvchilarning biridan zavod tomonidan gaz o‘g‘rilangani rad etilgan xabar keldi. Unga ko‘ra, tabiiy gazdan shartnoma asosida iste’molni hisobga olish majmuasi orqali foydalanilgan. Tahririyat ushbu fakt bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot so‘radi.