«Turkmenenergo» davlat elektroyenergetika korporatsiyasi O‘zbekistonga kunlik elektr energiyasi eksporti hajmini qariyb 17 foizga oshirdi, deya xabar berdi «Hududiy elektr tarmoqlari» matbuot xizmati.

Import hajmini oshirish O‘zbekiston iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlash hajmini oshirishga qaratilgan.

Bunga qadar sutkalik yetkazib berish hajmi 17−18 mln kVt/soatni tashkil etgan bo‘lsa, endilikda bu ko‘rsatkich 3 mln kVt/soatga ko‘proq — 20−21 mln kVt/soatga yetdi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov 7 dekabr kuni bugungi kunda O‘zbekistonda, ayniqsa, eng yuqori yuklamalar qayd etiladigan sovuq davrda sutkalik 18−20 mln kVt/soat miqdorida elektr energiyasi taqchilligi kuzatilishini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat xorijdan 20 mln kVt/soatga yaqin elektr energiyasi import qiladi (Turkmanistondan yetkazib berish ko‘paygandan oldingi ko‘rsatkich), biroq valyuta xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Afg‘onistonga 5−6 mln kVt/soatga yaqin elektr energiyasi eksport qilinadi.

Bungacha Energetika vazirligi rahbari mamlakatda energiya resurslari taqchilligi tashqi omillar bilan emas, balki ichki iste’molning o‘sishi bilan bog‘liq ekanini aytgan edi. «Bugun biz gaz va elektr energiyasini qandaydir alyans yoki ittifoq orqali emas, balki qo‘shni davlatlardan import qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz. Bu yerda biz energiya tarmoqlarni kimgadir berib yuborish bilan emas, balki tijorat shartnomasi, oldi-sotdi shartnomasi asosida hamkorlik qilish uchun milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda muzokaralar olib bormoqdamiz», — dedi u.