O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev energo resurslari taqchilligi bo‘yicha eng muhokama qilinayotgan savollarga javob qaytardi.

— O‘zbekiston agarda xorijdan tabiiy gaz importini yo‘lga qo‘ysa, bu mamlakatimizda energiya sohasidagi muammolarni to‘liq bartaraf etadimi?

— Agarda yetarli miqdordagi tabiiy gaz importi yo‘lga qo‘yilsa, issiqlik elektr stansiyalari belgilangan reja asosida yetarli miqdorda elektr energiyasini ishlab chiqarib, iste’molchilar to‘liq ta’minlanadi. Aholi xonadonlaridagi gaz bosimi bilan bog‘liq muammolar ham yechiladi.

Metan gaz quyish shoxobchalariga keladigan bo‘lsak, aholi gaz tarmoqlariga ulangan shoxobchalar baribir ma’lum grafik asosida ishlashi kerak, sababi — sovuq kunlarda kechki payt ovqat pishirish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozim. Ammo sanoat kollektorlari orqali alohida quvur tortib kelgan shoxobchalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash mumkin.

— O‘zbekiston va chet el kompaniyalarini qayta ko‘rib chiqib, ular qazib olayotgan gazni ichki bozorga yo‘naltirish imkoni bormi?

— Bugungi kunda xorijiy yoki qo‘shma kompaniyalar tomonidan qazib olinayotgan gaz — to‘liq ichki iste’molga yo‘naltirilyapti. Ushbu gazni eksport qilish yoki ichki bozorga yo‘naltirish xorijiy yoki qo‘shma korxonalar tomonidan emas, balki «O‘ztransgaz» AJ tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat qo‘shnilardan gazni «qandaydir alyans yoki ittifoq» orqali emas, balki tijorat shartnomasi doirasida import qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilyotganini ma’lum qilgandi.