9 dekabr kuni Toshkentda yashab, ishlaydigan jurnalistlarning Facebook`da yozgan postlari va izohlari uchun ularning Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida yashayotgan ota-onalari bilan «suhbat uyushtirildi». Bu holat ushbu 2 jurnalist va jamoatchilik faollarida turli savollarni tug‘dirib, muhokamalarga sabab bo‘ldi.

«Gazeta.uz» jurnalisti Shohruh Haydarov o‘zini IIO xodimi deb tanishtirgan shaxs gap qaysi izoh haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagani, lekin kimning posti ostida qoldirilganini aytgan. Jurnalist Inobat Ahatova esa «Bu ish orqali ota-onam va menga ruhiy bosim qilmoqchi bo‘lishdimi?» — degan savolni berar ekan, jurnalist 2022 yilgi Konstitutsiya kuni uning xotirasida mana shunday xavotir bilan esda qolganini ta’kidladi.

IIV matbuot xizmati bu ishlar IIB rahbarlarining «shaxsiy tashabbusi» bilan bo‘lgani hamda ularga tanbeh berilganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoq faollari, xususan, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Twitter-sahifasida buni «o‘zi xalqning sabr-kosasi to‘lib turganda, dard ustiga chipqondek» bo‘lib turgani haqida yozdi.

Huquqshunosning postida ham faollar o‘zining fikr-mulohazalarini qayd etishdi:

Shuningdek, jurnalist Sardorbek Rahmonqulov (ota-onasi bilan suhbat uyushtirilgan jurnalistlar uning Facebook`dagi postiga izoh yozgani aytilgandi) IIO xodimlaridan fuqarolarga ota-onasi orqali tushuntirish olib borishni to‘xtatishni so‘radi.

«Hurmatli IIO xodimlari, 18+ fuqarolarga ota-onasi orqali tushuntirish olib borishni to‘xtating!

… «G‘afur G‘ulom» istirohat bog‘ida yosh talablarga mahalliychilik qilgan IIO xodimi haqida yozgan postim haqidamasmikin gap? Bunday postlarning izohlariga e’tibor qilayotgan xodimlarimiz, holat shov-shuvga aylangach rasmiy munosabat berib qo‘yadigan IIV o‘sha postning o‘ziga ham e’tibor qaratdimi?

Nega oddiy izohlar bilan kurashgan tizim, meni ham chaqirib, o‘sha post uchun ko‘rsatma olmadi? Axir xodim tomonidan hamma dam oladigan istirohat bog‘ida bir qizni yulqilab tortib, omma oldida uyatga qo‘yib, boz ustiga mahalliychilik qilingani yozilgan edi-ku o‘sha postda?

Dalil kerak bo‘lsa, tegishli joyda taqdim qilishimni ham aytgandim. O‘sha postga shunchaki ko‘z yumilib, 18 dan oshgan fuqaroni ota-onasi orqali so‘roq qilishyapti. Bilishadiki, ota-onalar: «Qo‘y bolam, shu ishlaringni qilma. Menga tinchlik kerak», — deyishadi.

Shuni aytmoqchimanki, mening yozayotgan postlarim haqida 600 km uzoqdagi yaqinlarimning mutlaqo xabarlari yo‘q. Men ular uchun, ular men uchun javob bermaymiz. Qolganlar ham shunday. Bunday «xod» qilmang! O‘sha eski post bo‘yicha har qanday ko‘rsatma berishga guvohlarim bilan tayyorman! Izohini so‘rishtiribsiz, postni ham surishtiring, masalaning tagiga yeting va loyiqlarni jazolang", — deb yozdi u.

Adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatovada ham bu holatda ayrim savollar paydo bo‘ldi: «Bu nima — anglashilmovchilikmi, o‘zboshimchalikmi yoki atay qilingan ishmi?»

«Voyaga yetgan insonning so‘zlari uchun onasidan so‘roq so‘rash qaysi mantiq va qonunga ko‘ra amalga oshirilgan — shu kabi savollarga javob kerak», — deya ta’kidladi u.

Huquqshunos, bloger Zafarbek Solijonov esa shuncha islohotlarga qaramay, ichki ishlar tizimi «o‘zgarolmayotgani» haqida Facebook`da yozib qoldirgan.

«Qo‘limizda bayroq, tilimizda „inson qadri uchun“ shiorlari, ustimizda yangi O‘zbekiston yozuvlari tushirilgan kiyimlar. Lekin „ichki kiyimlarimiz“ hech o‘zgarmadida. O‘zgarolmayapmiz», — dedi bloger.

Facebook tarmog‘i faoli Farruh Samarqandiy ham bu harakatlarni qoralab, post yozib qoldirgan.

«Prezident orqaga yo‘l yo‘q degan payti biz barcha ko‘priklarni yoqqanmiz. Rostdanam orqaga yo‘l yo‘q. Ammo IIB orqaga tortayapti. Janob prezident!» — deya keltiradi u.

O‘zbekiston jurnalistika va kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ham vaziyatni munosabatsiz qoldirmadi.

«Bugun ertalab 4-bosqich talabamiz Shohrux Haydarovning Facebook`da qoldirgan posti kayfiyatimni tushurib yubordi. Chunki izohi uchun Ichki ishlar organlari uning oila a’zolariga qo‘ng‘iroq qilgandan so‘ng ota-ona qanday holatga tushishini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Ota-onaning sog‘ligiga bu jarayonlar salbiy ta’sir qiladi. Bu vaziyatni boshidan o‘tkazgan inson biladi. Talabamiz jurnalistik faoliyatini allaqachon boshlab ulgurgan, bitiruvchi talaba. O‘zining shaxsiy fikriga ega. Eng muhimi, u pasportini allaqachon olib ulgurgan. Demak, balog‘at yoshida. O‘zi uchun o‘zi javob bera oladi. Ammo nima uchun yana Shohruxning oila a’zolari bezovta qilinyapti. Eskicha tizimdan, eski sarqitdan qochamiz deymizu, ammo ish uslubimizdan haligacha xayrlasha olmayapmiz. Og‘ir bo‘lsa ham yangi yo‘lni tanladikmi, bu yo‘ldan og‘ishmaylik», — dedi fan doktori Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev buni Toshkentdagi jurnalist-blogerlarga Konstitutsiya kuni munosabati bilan sovg‘a, deya atadi.

«Feysbukdagi yozgan postlari/kommentlari sabab ularning viloyatlarda yashaydigan ota-onalari IIBga chaqirilgan yoki IIO xodimlari kelib, ularning ota-onalarini so‘roq qilgan. Yurtim, ado bo‘lmas jinniliklaring bor…» deb yozadi jurnalist.