9 dekabr kuni AOKAda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova, SSV Davolash profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Umid Risqiyev, RSHTYOIM direktori Doniyor Alimov, Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoit G‘ofurov, SSV axborot xizmati rahbari Furqat Sanayev ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmatiхабар qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yilning 11 oyi davomida «103» xizmatiga jami 11 735 450 ta chaqiriq kelib tushdi. Bunda eng ko‘p murojaatlar hududlar kesimida:

  • Farg‘ona viloyatida — 1 366 853 ta;
  • Andijon viloyatida — 1 269 113 ta;
  • Toshkent shahrida — 1 155 053 ta;
  • Toshkent viloyatida — 1 151 757 ta;
  • Namangan viloyatida — 1 095 444 tani tashkil etdi.

Shuningdek, yanvar-noyabr oylarida «103» xizmatiga jami 4 911 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushdi. Mazkur ko‘rsatkichni o‘tgan yilning ayni shu davri bilan taqqoslasak, asossiz murojaatlar soni 1,5 barobarga kamaygan.

Shu bilan birga, yil davomida «Tez yordam»da faoliyat yuritayotgan shifokorlar soni 13 ming 798 nafarni tashkil etib, ta’minlanganlik darajasi 90,7 foizga yetdi. Shuningdek, tizimda mehnat qilayotgan o‘rta tibbiyot xodimlari soni 29 ming 156 nafarni tashkil qilmoqda.

Ma’lumot uchun, 6 oy ichida respublikada «Tez yordam» xizmatiga 6,2 mln dan ziyod chaqiriq kelib tushgandi. Uchinchi chorak yakuni bo‘yicha bu ko‘rsatkich 9,6 mlnga yetgandi.