Samarqandda IIB xodimi, katta leytenant Rajabov ayol kishini prokuratura binosidan kuch bilan chiqarayotgan vaqtida fuqaroni qasddan aybdor qilishga urinib, o‘zining xizmat formasidagi pogonini o‘zi yulib tashlagandi.

IIV o‘zining xodimi pogonini o‘z qo‘li bilan yulib tashlaganini tan olib turgan bir vaqtda, Bosh prokuratura «Gazeta.uz»ga taqdim qilgan ma’lumotida Rajabov va boshqalarning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganini ma’lum qildi.

Voqea qanday sodir bo‘lgandi?

Voqea 2021 yil 15 iyul kuni Qo‘shrabot tumani prokuraturasi binosida sodir bo‘lgan. Jinoyat ishi doirasida ayblanuvchi Shosimov majburiy tartibda tuman prokuraturasi binosiga olib kelingan.

«Shu kuni ayblanuvchining singlisi va qizi prokuraturaga kelishib, prokuratura xodimlarini haqorat qilishgan. Shu sababli voqea joyiga Qo‘shrabot tumani IIB xodimlari chaqirtirilgan», — degandi IIV departamenti bosh inspektori Navro‘z Nabiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, profilaktika inspektori, katta leytenant Rajabov, leytenant Boboqulov hamda leytenant Sharipov prokuraturaga yetib kelganida ayollar ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan ularni haqorat qilgan, Rajabovga tegishli bo‘lgan avtomobilning oynalarini sindirib, eshiklarini pachaqlagan.

«Ezgulik» jamiyati tomonidan voqea vaqtida suratga olingan video e’lon qilingandi. Unda xodim kimgadir video ol, pogonimni yuldi deganini eshitish mumkin, biroq videoda mazkur holatda uning ikki pogoni ham joyida turibdi. Faqat shundan keyingina xodim ayolning chap qo‘lini o‘zining o‘ng qo‘li ostidan o‘tkazgan holda, chap qo‘li bilan qattiq ushlab turgani va Radjabov chap qo‘li bilan o‘ng yelkasidagi pogonini shahd bilan yulib tashlaydi. Va videoga qarata ana yulib tashladi deya baqiradi.

E’tiborli jihati, IIV vakili mazkur holatda IIB xodimi o‘zining pogonini o‘zi yulib tashlaganini tan olgandi.

«Internetda tarqalgan videoda katta leytenant Rajabov fuqaro Shosimovaning qo‘lidan ushlab prokuratura binosidan olib chiqish jarayonida o‘zining egnida bo‘lgan sipohli kiyimidagi pogonini yulib olganligi tasvirlangan. Bu bo‘yicha Samarqand viloyat IIB HPB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan, uning natijasi bo‘yicha qaror qabul qilingan. Qarorga asosan ichki ishlar xodimining xatti-harakatiga qonuniy baho berish uchun hujjatlar prokuratura organiga yuborilgan», — deya qo‘shimcha qildi Navro‘z Nabiyev.

Uning qayd etishicha, pogonini yulib, ayolni ayblagan ichki ishlar xodimi hozirgi kunda xizmat faoliyatini davom ettirmoqda. «Xodimning hatti-harakatlariga nisbatan qanday huquqiy baho berilgani bo‘yicha ma’lumotni mazkur holatni tergov qilgan prokuratura organidan so‘rash mumkin», — dedi IIV departamenti bosh inspektori.

Kimga chora ko‘rildi?

Holat bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yakunida sud ayolni profilaktika inspektori F.Radjabovning xizmat kiyimidan pogonini yirtib tashlagan degan xulosaga kelgan.

«Gazeta.uz» so‘rovi bilan Bosh prokuratura taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Ishtixon tuman prokuraturasi tomonidan J.Shosimova va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilgan.

Ish yuzasidan J.Shosimovaga nisbatan JKning 140-moddasi 3-qismi «a» bandi va 219-moddasi 1-qismi bilan ayb e’lon qilinib, «tilxat» ehtiyot chorasi tanlanib, jinoyat ishi JPKning 388-moddasi tartibida MIB Ishtixon sudiga yuborilgan.

JIB Ishtixon tuman sudining 04.03.2022 yilgi hukmi bilan J.Shosimova 140-moddasi 3-qismi «a» bandi (jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish) va 219-moddasi 1-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 1 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

«Tergov harakatlari davomida tuman IIB xodimlarining harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagan», — deyiladi Bosh prokuratura taqdim etgan ma’lumotda.

Javobsiz qolgan savollar

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati mazkur holatga biror organ to‘liq huquqiy baho bermadi deya ta’kidlagan.

«Prokuratura tergov organlari ham, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar ham jinoyat ishining barcha holatlariga to‘liq huquqiy baho bermadi, shuningdek ishda mavjud bo‘lgan ashyoviy dalillarni ochiqdan-ochiq e’tiborsiz qoldirdi. Xususan, hech qanday uskunasiz ikki ayol qanday qilib tuman prokuraturasining qo‘riqlanadigan binosiga mustaqil ravishda kira olgani baholanmagan», — deyiladi xabarda.

Qolaversa, jamiyat ma’lumotiga ko‘ra, quyidagi savollarga javob berilmagan: Prokuratura binosini qo‘riqlash va unda jamoat tartibini saqlash vazifasi bo‘lgan Milliy gvardiya xodimlari voqea yuz bergan vaqtda qayerda bo‘lgan? Tergovchi A.Xakberdiyev nimaga eshik oldida Milliy Gvardiya xodimlari turganida jamoat tartibini saqlashga ichki ishlar bo‘limi xodimlarini chaqirgan?

«Bundan tashqari, ishga oid materiallardagi video yozuvlarida ishchi ishlar xodimi profilaktika inspektori F.Radjabov shaxsan o‘zi pogonini yulib olib, bunda ayolni ayblayotgani aniq-tiniq ko‘rinib turibdi. Videoda o‘sha vaqtda ayolning chap qo‘li sumkasini ushlab turganini, o‘ng qo‘lini esa ichki ishlar xodimi ushlab turganini ko‘rish mumkin», — deyiladi «Ezgulik» jamiyati xabarida.

Ushbu holatlarni inobatga olgan holda «Ezgulik» jamiyati — birinchi va apellyatsiya instansiyalari sudyalarining hukmi adolatsizligi, sudyalarning xatti-harakatlarida esa JKning 231-moddasida (Adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish) nazarda tutilganidek, aybsiz shaxsni qonunga xilof ravishda javobgarlikka tortish alomatlari mavjud degan xulosaga kelgan.

Bundan tashqari, profilaktika inspektori F.Radjabovning xatti-harakatlarida JKning 237-moddasi (Yolg‘on xabar berish) va 238-moddasida (Yolg‘on guvohlik berish) nazarda tutilgan jinoyatlar alomatlari bor. F.Radjabov o‘ziga tegishli xizmat formasidagi, o‘z rahbariyati tomonidan berilgan pogonini yulib tashlash orqali fuqarolik burchini sharaf bilan bajargan va bajarishda davom etayotgan ichki ishlar xodimlarining qadr-qimmatini haqorat qildi, deb hisoblaydi jamiyat.

2022 yilning may oyidayoq «Ezgulik» jamiyati Ombudsman hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasidan ushbu vaziyatga e’tibor qaratishni hamda aslida jabrlanuvchi hisoblangan ayolning huquq va manfaatlarini himoya qilishni so‘ragan. Biroq hozirga qadar ushbu tashkilotlarning birortasidan javob bo‘lmadi.

O‘shanda «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook`dagi sahifasida Samarqanddagi bunday hodisalarda ayblangan xodimlarning munosib jazo olishiga ishonmasligini qayd etgan. «Chunki asl vaziyatni hamma ko‘rib turibdi. Bunday yuzsizlikka ko‘nikib ham qoldik», — degandi u.

Yuqoridagi holat yuzasidan «Gazeta.uz» Oliy sud va Sudyalar oliy kengashiga so‘rov yubordi.