Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati Muzaffar Jamolitdinov fikricha, ijtimoiy tarmoqlarda qamalib chiqmagan odamlargina gaz va elektr ta’minoti muammolaridan nolimoqda. U bu haqda Facebook’dagi sahifasida post qoldirgan, jamoatchilikning tanqididan so‘ng esa yozuvlarini o‘chirib tashlagan.

«Ijtimoiy tarmoqda gaz va svet yo‘qligidan noliyotganlarning shaxsini surishtirib ko‘ring — birortasi qamalib chiqqan odam emas. Ya’ni, qamalib, ozodlikdan mahrum bo‘lganlar ozodlik, erkinlik va tinchlikning qadriga shu darajada ko‘p yetadiki, gaz-svet muammosi ahamiyatsiz bo‘lib qoladi», — deya ta’kidlagan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qamalib chiqqan odam «qo‘rqqanidan emas, [balki] tinchlik va xotirjamlikning qadrini bilganidan gaz-svet muammosini gapirmaydi».

«Ya’ni, tinchlik va xotirjamlik, ozodlik va erkinlik bebaho, tengi yo‘q, katta ne’mat. Shamda o‘tirsang ham uyingda o‘tir, IIBning kamerasida emas. Sovuqda o‘tirsang ham bola-chaqangning oldida o‘tir, milliy xavfsizlik (DXX — tahr.)ning kamerasida emas. Metanga navbatda tursang ham mayli, Uychi [tuman] turmasining sanchastida navbatda turma», — deb yozdi deputat.

Muzaffar Jamolitdinovning qo‘shimcha qilishicha, Uychi tuman qamoqxonasi kameralari «issiq va yorug‘». «U yerda hech qachon svet o‘chmaydi, kameralar sovuq kiradigan ochiqlikda emas, hamma joyi yopiq», — deya ma’lum qildi u.


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev bunga javoban «fuqarolarni energiya ta’minotidagi muammolar haqida gapirtirmaslik, tinchlikning qadriga yetish uchun ularga qamoq bilan tahdid qilish demokratik jamiyatga xos bo‘lmagan uslub» ekanini ta’kidlab o‘tdi.

«Achinarlisi, bunday bayonotlarning xalq saylagan (saylagan bo‘lsa) xalq vakillaridan chiqishi hech bir qolipga sig‘maydi. Bu kabi dunyoqarashga ega, bilim va saviyasi past, saylovchilar manfaatini himoya qilmaydigan shaxslarning deputat maqomiga erishib qolayotganligi aslida eng katta fojiamizdir», — deb yozdi u.

Keyinroq Muzaffar Jamolitdinov uning birinchi galdagi maqsadi odamlarni qo‘rqitish yoki ularga tahdid qilish emas, balki tinchlik va xotirjamlikning qadriga yetishga chaqirish bo‘lganini tushuntirishga urindi.

«Nima uchun ushbu postda aynan qamoq bilan bog‘liq holatga to‘xtalganimga izoh bermoqchiman. Bundan 6 yil avval bir ishda ayblanib, 10 oy qamoq ehtiyot chorasi bilan turmada saqlanganman. Shunda oilaviy xotirjamlik va tinchlik hamma narsadan ustunligini anglab yetganman. Men 10 oy davomida kechirgan tashvishlarim shu darajada og‘ir bo‘lganidan hamda yana qaytadan tiklanish juda qiyin bo‘lganidan, ayni kundagi elektr va gaz bilan bog‘liq muammolar, o‘z nazarimda, yengildek tuyuldi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u ijtimoiy tarmoqlarda komumnal muammolar bilan bog‘liq turli videoroliklarni ko‘rganidan so‘ng, u «bundan ham og‘ir tashvishlarda yurganlar bor» degan fikrda post joylagan.

«Men joylagan postni tahdid deb qabul qilgan fuqarolardan postimni to‘g‘ri qabul qilishlarini so‘rab, uzr so‘rayman», — deya ta’kidlagan u.

Muzaffar Jamolitdinov shu postida deputatlik vakolatini muddatidan avval tugatish haqida ariza berganini ma’lum qilgan. Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi kotibiyati rahbari Nosir Ubaydullayevning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, kengashning doimiy komissiyasi yig‘ilishida deputat Jamolitdinovning arizasi ko‘rib chiqilgan va qanoatlantirilgan.