Bosh vazir o‘rinbosari, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov aholida elektr iste’mol oshishini hisobga olganda mamlakatda yana takroran «blekaut» bo‘lish xavfi bor-yo‘qligi borasida gapirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

««Blekaut» — bu texnologik holat va bunday xavf doim bor. Buni inkor qilish kerak emas. Chunki energiya tizimimiz nafaqat o‘zimizning ichimizda, balki qo‘shni mamlakatlar bilan integratsiyalashgan. Shuni inobatga olgan holda yanvar oyida bo‘lgan «blekaut»dan tegishli saboq chiqarib, birinchi o‘rinda avtomatik o‘chirish qurilmalari, avariyaviy holatlarni oldini oluvchi tizimlar va markaziy dispetcherlik tizimlari tashkil qilindi», — dedi vazir.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar kiritilayotganining ham asosiy maqsadi nazoratli o‘chirib, shunday «blekaut» holatining oldini olishdir.

«Agarda shunday cheklovlar kiritilmasa, albatta, bu energiya tizimi izdan chiqishi va blekautga olib kelish ehtimolini keltirib chiqaradi», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 25 yanvar kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda elektr ta’minotidan ommaviy uzilish yuz bergan edi. Ushbu avariyani o‘rganib chiqqan davlatlararo komissiyaning mart oyida e’lon qilingan xulosasida yanvardagi blekaut O‘zbekiston energotizimidagi uzilish oqibatida yuz bergani ko‘rsatib o‘tilgan.

25−27 yanvar kunlari butun O‘zbekistonda kuzatilgan energotizimdagi uzilishlar oqibatida «Toshissiqquvvati» korxonasi aholiga belgilangan normada issiqlik energiyasi yetkazib bermaganligi aniqlangandi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Toshkent bo‘yicha 4,5 mlrd so‘m, 9 ta hudud bo‘yicha esa 1,222 mlrd so‘m mablag‘ni iste’molchilarga qaytarishga erishgan.