Samarqandda pogonini o‘z yulib, ayol kishini ayblashga uringan IIB xodimiga chora ko‘rilmadi. Bu haqda 1 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan IIV mas’ullari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Gap shundaki, 2021 yilda ichki ishlar xodimi ayol kishini prokuratura binosidan chiqarishga urinayotganida o‘z qo‘li bilan xizmat kiyimidagi pogonini yulib tashlagan. Holat bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yakunida sud ayolni profilaktika inspektori F.Radjabovning xizmat kiyimidan pogonini yirtib tashlagan degan xulosaga kelgan.

O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati e’lon qilgan videolarda esa buning umuman aksini, ya’ni xodimning o‘zi ayolning bir qo‘lini ushlab olgan holda, ikkinchi qo‘li bilan o‘zining pogonini o‘zi yulib tashlagan.

Dekabr boshida poytaxtda o‘tkazilgan anjumanda IIV departamenti bosh inspektori Navro‘z Nabiyev holat yuzasidan ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea 2021 yil 15 iyul kuni Qo‘shrabot tumani prokuraturasi binosida sodir bo‘lgan. Firibgarlikda ayblanib, tergov qilinayotgan erkakning singlisi va qizi prokuraturaga kelib, to‘polon ko‘targan.

«Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi „b“ bandi (Firibgarlik), 28-modda orqali 211-moddasi 1-qismi (Pora berish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi Shosimov majburiy tartibda tuman prokuraturasi binosiga olib kelingan. Shu kuni ayblanuvchining singlisi va qizi prokuraturaga kelishib, prokuratura xodimlarini haqorat qilishgan. Shu sababli voqea joyiga Qo‘shrabot tumani IIB xodimlari chaqirtirilgan», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, profilaktika inspektori katta leytenant Rajabov, leytenant Boboqulov hamda leytenant Sharipov prokuraturaga yetib kelganida ayollar ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan ularni haqorat qilgan, Rajabovga tegishli bo‘lgan avtomobilning oynalarini sindirib, eshiklarini pachaqlagan.

«Internetda tarqalgan videoda katta leytenant Rajabov fuqaro Shosimovaning qo‘lidan ushlab prokuratura binosidan olib chiqish jarayonida o‘zining egnida bo‘lgan sipohli kiyimidagi pogonini yulib olganligi tasvirlangan. Bu bo‘yicha Samarqand viloyat IIB HPB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan, uning natijasi bo‘yicha qaror qabul qilingan. Qarorga asosan ichki ishlar xodimining xatti-harakatiga qonuniy baho berish uchun hujjatlar prokuratura organiga yuborilgan», — deya qo‘shimcha qildi IIV vakili.

Navro‘z Nabiyevning ta’kidlashicha, prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ichki ishlar xodimi va fuqarolarning ko‘rsatmalarida bir-biriga zid ma’lumotlar bo‘lgani va tergov jarayonida aniqlangan boshqa faktlar va guvohlarning ko‘rsatmalariga asoslanib, fuqaro Shosimovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va unga nisbatan bir yil muddatga axloq tuzatish ishlari tayinlangan.

Uning qayd etishicha, pogonini yulib, ayolni ayblagan ichki ishlar xodimi hozirgi kunda xizmat faoliyatini davom ettirmoqda. «Xodimning hatti-harakatlariga nisbatan qanday huquqiy baho berilgani bo‘yicha ma’lumotni mazkur holatni tergov qilgan prokuratura organidan so‘rash mumkin», — dedi u.

IIV departament boshlig‘i o‘rinbosari Hamza Maxsumov ushbu holat yuzasidan prokuraturadan rasmiy ma’lumot olib, OAVga taqdim etilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati mazkur holatga biror organ to‘liq huquqiy baho bermadi deya ta’kidlagan.

«Prokuratura tergov organlari ham, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar ham jinoyat ishining barcha holatlariga to‘liq huquqiy baho bermadi, shuningdek ishda mavjud bo‘lgan ashyoviy dalillarni ochiqdan-ochiq e’tiborsiz qoldirdi. Xususan, hech qanday uskunasiz ikki ayol qanday qilib tuman prokuraturasining qo‘riqlanadigan binosiga mustaqil ravishda kira olgani baholanmagan», — deyiladi xabarda.

Qolaversa, jamiyat ma’lumotiga ko‘ra, quyidagi savollarga javob berilmagan: Prokuratura binosini qo‘riqlash va unda jamoat tartibini saqlash vazifasi bo‘lgan Milliy gvardiya xodimlari voqea yuz bergan vaqtda qayerda bo‘lgan? Tergovchi A.Xakberdiyev nimaga eshik oldida Milliy Gvardiya xodimlari turganida jamoat tartibini saqlashga ichki ishlar bo‘limi xodimlarini chaqirgan?

«Bundan tashqari, ishga oid materiallardagi video yozuvlarida ishchi ishlar xodimi profilaktika inspektori F.Radjabov shaxsan o‘zi pogonini yulib olib, bunda ayolni ayblayotgani aniq-tiniq ko‘rinib turibdi. Videoda o‘sha vaqtda ayolning chap qo‘li sumkasini ushlab turganini, o‘ng qo‘lini esa ichki ishlar xodimi ushlab turganini ko‘rish mumkin», — deyiladi «Ezgulik» jamiyati xabarida.

Ushbu holatlarni inobatga olgan holda «Ezgulik» jamiyati — birinchi va apellyatsiya instansiyalari sudyalarining hukmi adolatsizligi, sudyalarning xatti-harakatlarida esa JKning 231-moddasida (Adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish) nazarda tutilganidek, aybsiz shaxsni qonunga xilof ravishda javobgarlikka tortish alomatlari mavjud degan xulosaga kelgan.

Bundan tashqari, profilaktika inspektori F.Radjabovning xatti-harakatlarida JKning 237-moddasi (Yolg‘on xabar berish) va 238-moddasida (Yolg‘on guvohlik berish) nazarda tutilgan jinoyatlar alomatlari bor. F.Radjabov o‘ziga tegishli xizmat formasidagi, o‘z rahbariyati tomonidan berilgan pogonini yulib tashlash orqali fuqarolik burchini sharaf bilan bajargan va bajarishda davom etayotgan ichki ishlar xodimlarining qadr-qimmatini haqorat qildi, deb hisoblaydi jamiyat.

2022 yilning may oyidayoq «Ezgulik» jamiyati Ombudsman hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasidan ushbu vaziyatga e’tibor qaratishni hamda aslida jabrlanuvchi hisoblangan ayolning huquq va manfaatlarini himoya qilishni so‘ragan. Biroq hozirga qadar ushbu tashkilotlarning birortasidan javob bo‘lmadi.

O‘shanda «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook`dagi sahifasida Samarqanddagi bunday hodisalarda ayblangan xodimlarning munosib jazo olishiga ishonmasligini qayd etgan. «Chunki asl vaziyatni hamma ko‘rib turibdi. Bunday yuzsizlikka ko‘nikib ham qoldik», — degandi u.