Oliy ta’lim vazirligi OTM talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litsey o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 2022 yilning 26 dekabridan 2023 yilning 9 yanvariga qadar etib belgilanganini e’lon qildi.

Vazirlik matbuot kotibi Mo‘min Ibodov bu yilgi qishki ta’til kunlarini belgilashda oldingi yillarda yuzaga kelgan ayrim muammolar bartaraf etilib, uzoq hududlardan kelib tahsil oluvchi o‘quvchi-talabalar uchun doimiy yashash joylariga ortiqcha ovoragarchiliklarsiz yetib borishlari va qaytib kelishlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilayotganini ta’kidladi.

«Avvallari talaba o‘quvchilar qishki ta’til kunlari muddatidan oldin o‘z yashash hududlariga ketib, o‘qish boshlanganidan keyin kech yetib kelish holatlari kuzatilar edi. Bu yil esa davlat oliy ta’lim muassasalari va professional ta’lim maskanlari talaba-o‘quvchilariga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida qishki ta’tilning boshlanish kuni 26 dekabr aynan xaftaning birinchi kuni etib belgilanmoqda. Bu talabalarning dars jarayonlarida to‘liq qatnashib, hafta oxiri, dam olish kunlari o‘z manzillariga ketishga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun qulaylik yaratadi», — dedi vazirlik xodimi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joylari 5 yanvardan boshlab o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Buning uchun ta’lim muassasalarida ishchi guruhlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida esa alohida shtab tuziladi.

Ularga talaba va o‘quvchilarni qishki ta’til vaqtida doimiy yashash joylariga borib-kelishini tashkil etishga yaqindan yordam berish, bayram kunlari va qishki ta’til davrida talabalar turar joylarida qolayotgan yoshlarning xavfsizligi va bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish kabi bir qator vazifalar yuklatiladi.

Transport vazirligi hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» va Uzbekistan Airways kompaniyalari bilan kelishuv asosida doimiy yashash joylariga borib-keladigan talaba va o‘quvchilar uchun qo‘shimcha joylar (reyslar) sonini yanada ko‘paytirish, oliy ta’lim muassasalari rahbariyati tomonidan tavsiya etilgan joylarda sayyor kassalar tashkil etish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, qishki ta’til vaqtida sog‘lomlashtirish maskanlarida dam olish, salomatligini tiklash istagida bo‘lgan professor-o‘qituvchilarga tegishli sharoitlar yaratish hamda talaba-o‘quvchilar va professor-o‘qituvchilarning ichki turizmga jalb etilishini ta’minlash choralari ham ko‘riladi.

Mazkur belgilangan tartiblar nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun tavsiyaviy hisoblanadi va ularning rahbariyati tomonidan alohida belgilanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekiston temir yo‘llari» va Uzbekistan Airways kompaniyasi talabalarga 22 dekabrdan 10 yanvargacha chegirma e’lon qilgandi.