Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi 13-sonli umumta’lim maktab stadioni buzilayotgani va o‘rnida bino qurilayotgani aytilgan xabarlar tarqaldi.

Ma’lum qilinishicha, Andijon tumanlararo ma’muriy sudi 13-maktabga tegishli yer bo‘yicha shu yilning 31 oktabr kuni hal qiluvchi qarorini chiqargan. Sud hokimning qarorini noqonuniy deb topganiga 1 oy vaqt bo‘lganiga qaramasdan prokuratura, hokimiyat va mutasaddi tashkilotlar tomonidan ijrosi borasida amaliy chora ko‘rilmasdan qolmoqda.

«Aytishlaricha, tadbirkor qurilishni davom ettiryapti, „agar tez bitirib tiklab olsam, hech kim tegolmaydi“ degan fikrda bo‘lishi mumkin. Shunaqa nizoli oldi-sotdilarni ko‘rib, jon-poning chiqib ketadi. Kelib-kelib nega maktab yeriga yopishishadi?! O‘zi maktabda o‘quvchilar soni yuklamasi ko‘p, sinfxonada bola ko‘p, 2−3 smenali o‘qishlar tufayli ta’lim sifati past, yiliga salkam million bola tug‘ilayotgan O‘zbekistonda maktabning yeriga ko‘z olaytirish-jinoyatku!», — deyiladi xabarda.

«Asosiy fakt qolib ketibdi: sud qarorida yozilishicha, tadbirkor 0,4 gektar yerni 2020 yil auksionda 11 mln 873 ming so‘mga sotib olgan. Yana bir tadbirkor esa 0.055 gektar yerni 31 mln so‘mga sotib olgan. Ajoyibmi?! Judayam!», — deyiladi postda.

Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati munosabat bildirib, holat hokim tomonidan nazoratga olinganini ma’lum qildi.

«Ishchi guruh tuzildi va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish davomida qonun buzilish holatlariga chek qo‘yilib sud qaroriga asosan qurilishi tugallanmagan binoni buzish choralari ko‘rilmoqda», — deyiladi munosabatda.