5 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin yig‘ilishlar, mitinglar, yurishlar va namoyishlar o‘tkazish taqiqlangan joylar ro‘yxatini kengaytiruvchi federal qonunni imzoladi, deb yozmoqda RIA Novosti hujjatga tayanib.

Shunday qilib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining binolari va ularga tutash hududlar, aeroportlar, temir yo‘l va avtovokzallar, portlar, universitetlar, maktab va kasalxonalar binolari hamda hududlarida, cherkovlar hamda boshqa inshootlar joylashgan yer uchastkalarida mitinglar o‘tkazish mumkin bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, taqiq hayotni ta’minlash obyektlari, shu jumladan elektr, issiqlik, suv va gaz tarmoqlarining ishlashini ta’minlaydigan obyektlarga tutash hududlarga nisbatan ham qo‘llaniladi. Hozirgacha mitinglarni faqat prezident qarorgohlari, sudlar, tezkor xizmatlar va hukmlarni ijro etish muassasalari binolarida o‘tkazish taqiqlanao edi.

Bundan tashqari, yangi qonun har bir mintaqa qo‘shimcha ravishda yig‘ilishlar, mitinglar va namoyishlar o‘tkazish joylariga o‘z taqiqlarini kiritishi mumkinligini belgilab bermoqda. Bunda ushbu chora «Rossiya Federatsiyasi subyektining tarixiy, madaniy va boshqa obyektiv xususiyatlari»ni ifodalashi kerak bo‘ladi.