Takashi Xatori Yaponiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi bo‘ldi. 5 dekabr kuni u O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Vazir elchini lavozimga kirishishi bilan tabriklab, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Yaponiya strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali va tashkiliy jihatlari, jumladan, «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti yig‘ilishi o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Yaponiyaning Toshkentdagi avvalgi elchisi Yoshinori Fujiyama 2019 yilning yozida ushbu lavozimda ish boshlagan edi.