Bu O‘zbekistondagi daromadlar tengsizligiga bag‘ishlangan maqolaning ikkinchi qismi. Birinchi qismi bilan bu yerda tanishish mumkin.

Mamlakatda daromadlar tengsizligi darajasini ifodalashda eng ko‘p qo‘llanuvchi ko‘rsatkich (yoki koeffitsiyent) — jini (Gini) koeffitsiyenti hisoblanadi. Jini koeffitsiyenti (Gini index, Gini coefficient) aholi orasida daromadlar taqsimotini o‘lchash uchun qo‘llaniladi va 0 (mutlaq tenglik)dan 1 (mutlaq tengsizlik)gacha oraliqdagi son bilan ifodalanadi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda 2017 yildan boshlab qaytadan rasmiy ravishda e’lon qilina boshlagan jini koeffitsenti 2020 yilgacha hech qanday o‘zgarishga uchramagan va 0,26 darajada saqlanib qolgan (1 ga yaqin ko‘rsatkich tengsizlikning yuqori darajasi, 0 ga yaqin shakllangani esa tengsizlikning past darajasini anglatadi). 2020 yilgi pandemiya tengsizlik darajasining oshishiga olib kelgan. Biroq, 2021 yildan keyingi davrda jini koeffitsenti pasayib bormoqda.

Biroq, ayrim sabablarga ko‘ra, mazkur tendensiya O‘zbekistonda daromadlar taqsimoti bilan hammasi joyida ekanligini anglatmaydi. Daromadlar tengsizligiga bag‘ishlangan maqolaning birinchi qismida daromadlar shakllanishi bo‘yicha hududlararo farqlarni tahlil qilish asnosida bunga bevosita guvoh bo‘ldik.

Xususan, tegishli tahlillar daromadlar bo‘yicha hududlararo tafovutlar yildan-yilga kengayib borayotganligi, bu tendensiya 2017 yildan keyin sezilarli tezlashganligini ko‘rsatmoqda. Mazkur tendensiyaga ko‘p hollarda bevosita qaror qabul qiluvchilar ham regressiv ta’sirga ega qarorlar hamda samarasiz dasturlar orqali bevosita hissa qo‘shayotganligi, ayniqsa, achinarli.

Maqolaning ikkinchi qismida ish haqi miqdorining sohalar kesimida qanday o‘zgarayotganligi hamda turli daromad guruhlarining jami daromaddagi ulushi qanday o‘zgarib borayotganligini ko‘rib chiqamiz. Umid qilamizki, mazkur tahlillar O‘zbekistonda daromadlar tengsizligi bilan bog‘liq haqiqiy manzarani ko‘rish va uning sabab-oqibatlari xususida kengroq fikr yuritish imkonini beradi.

Sohalar kesimida daromadlar tengsizligi

So‘nggi yillarda daromadlar tengsizligi sohalar kesimida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, moliya va sug‘urta hamda axborot va aloqa sohalarida ish haqi boshqa sohalar bilan taqqoslaganda sezilarli darajada tez o‘smoqda. Masalan, rasmiy statistikaga ko‘ra, 2017 yilning dastlabki uch choragida moliya va sug‘urta sohasida o‘rtacha ish haqi darajasi respublikadagi o‘rtacha ish haqidan 1,8 barobar yuqoriroq bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib mazkur tafovut 2,6 barobargacha yetgan (axborot va aloqa sohasida ish haqi darajasi o‘sishi moliya va sug‘urta sohasi bilan taqqoslaganda nisbatan sekinroq bo‘lgan). Ya’ni moliya va sug‘urta sohasi vakillarining oylik maoshi respublikadagi boshqa soha vakillarining oylik maoshidan sezilarli darajada tez o‘smoqda.


Sohalar kesimida nominal ish haqi miqdorining o‘zgarishi, 2022 yil bilan taqqoslash maqsadida ko‘rsatkichlar har bir yilning yanvar-sentabr holatiga olingan. Manba: Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari.

Boshqa tomondan, ikki muhim sohada — ta’lim hamda tibbiyot sohalarida ish haqi darajasi 5−6 yil oldin respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan pastroq shakllangan bo‘lsa, so‘nggi yillarga kelib yanada pasayish tendensiyasini namoyon qilmoqda (boshqacha talqin qilinsa, mazkur ikki sohada ish haqi darajasi respublika bo‘yicha o‘rtacha ish haqi darajasiga nisbatan sekin o‘smoqda).

Xususan, ta’lim sohasi vakillarining o‘rtacha ish haqi 2017 yilda respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatichning 80 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib bu ko‘rsatkich 70 foizgacha pasaygan. Sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarining oylik ish haqi esa respublikadagi eng past darajani qayd etgan bo‘lib, respublikadagi o‘rtacha ish haqining bor-yo‘g‘i 67 foizini tashkil etgan. E’tiborlisi shundaki, bu soha vakillarinining ish haqi olti yil oldin ham respublikadagi o‘rtacha ish haqining 67 foizini tashkil etgan.

Bundan xulosa qilish mumkinki, tibbiyot sohasi vakillari olti yil oldin boshqa soha vakillariga nisbatan qanchalik kambag‘alroq bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda ham xuddi shunchalik kambag‘alroq ekanligicha qolmoqda. Daromadlari jadal o‘sib borayotgan sohalarga taqqoslaganda esa, hatto, yanada kambag‘allashib bormoqda. Ta’lim sohasi vakillari nafaqat daromadlar borasida yetakchi soha vakillariga nisbatan, balki respublikadagi ixtiyoriy boshqa soha vakillariga nisbatan kambag‘allashib bormoqda.

Qayd etish joizki, hozirgi kunda boshqa sohalarga nisbatan sezilarli ortda qolayotgan va yildan-yilga kambag‘allashishda davom etayotgan har ikki sohada asosan budjet tashkilotlari faoliyat olib boradi. Ya’ni ularning mehnatiga haq to‘lash miqdori bevosita qaror qabul qiluvchilarga bog‘liq. So‘nggi yillarda ayrim ijobiy o‘zgarishlar, siljishlar kuzatilganini ham inkor etib bo‘lmaydi, xususan, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining oylik maoshida sezilarli darajada o‘sish kuzatildi. Biroq, oliy ta’limda band bo‘lgan professor-o‘qituvchilar ta’lim sohasida band bo‘lgan aholining 10 foizini ham tashkil etmaydi. Bundan tashqari, oliy ta’limda muayyan darajada o‘zgarishlar bo‘lganligiga qaramasdan, sohadagi o‘rtacha ish haqi moliya va sug‘urta sohasidagi o‘rtacha ish haqining bor-yo‘g‘i 60 foizini tashkil etadi, xolos.

Yuqorida ta’kidlanganidek, hozirgi kunda daromadlari boshqa sohalarga nisbatan oqsayotgan sohalar deyarli to‘liq davlat nazoratida. Demak, bu soha vakillarining daromadlarini boshqa soha vakillarining daromadlari bilan muvofiqlashtirish ham qaror qabul qiluvchilarning irodasiga bog‘liq.

Ta’lim yoki tibbiyot sohasi vakillari jamiyatning eng daromadi past, ochiqroq aytganda, eng kambag‘al vakillari bo‘lib qolayotganligi, nazarimda, juda achinarli holat.

Turli daromad guruhlari o‘rtasidagi tengsizlik

Quyidagi grafikda aholi daromad guruhlarining umumiy daromaddagi ulushi tasvirlangan. Bunda aholi daromad darajasi bo‘yicha 10 ta guruh (detsil)ga bo‘lingan (har bir guruh jami aholining mos daromadga ega 10 foiz qismini ifodalaydi). I detsil eng kam daromad oluvchi aholi guruhi bo‘lsa, X detsil daromadlar darajasi eng yuqori bo‘lgan guruh hisoblanadi.

Bir qarashda so‘nggi yillardagi o‘zgarishlardan muayyan bir xulosaga kelish qiyin. Eng ko‘p daromadga egalik qiluvchi guruh (X detsil) daromadlarining jami daromaddagi ulushi pasayib borayotganligini yaqqol ko‘rish mumkin. Bu O‘zbekistonda tengsizlik pasayib bormoqda, degan tasavvur uyg‘otishi mumkin. Biroq, umumiy daromadlar va tengsizlik bo‘yicha ma’lumotlar tanlanma kuzatuvlar asosida shakllantirilishi hisobga olinsa, shuni unutmaslik kerakki, bunday kuzatuvlar ayrim kamchiliklarga ega bo‘lib, daromadi yuqori aholi qatlamini to‘liq qamrab olmasligi bilan harakterlidir. Bu esa, o‘z-o‘zidan, tengsizlikning haqiqiy holatdan pastroq shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Hozircha ma’lumotlar shakllantirilishining texnik jihatlariga e’tibor qaratmay, mavjud ma’lumotlarni tahlil qilib ko‘ramiz.


Grafik Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Eng yuqori daromadga ega aholi guruhining umumiy daromaddagi ulushi kamayib borayotganligi tengsizlikning qisqarib borayotganligining anglatmaydi, sababi eng kam daromad oluvchi aholi guruhi daromadlari ham so‘nggi yillardan pasayuvchi tendensiyani namoyon qilmoqda. Xususan, eng kam daromadga ega bo‘lgan 10 foizlik aholi guruhining umumiy daromaddagi ulushi 2017 yilda 3,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilning so‘ngiga kelib bu ko‘rsatkich 3,3 foizgacha qisqargan. Boshqacha aytganda, eng kam daromadga ega aholi qatlamining daromadlari o‘sib bormoqda, deb faraz qilingan taqdirda ham, ularning daromadlari boshqa aholi guruhlarining daromadlariga nisbatan sekinroq o‘smoqda, bu ularning boshqa aholi guruhlariga nisbatan kambag‘allashib borayotganligidan dalolat beradi.

O‘zbekiston aholisining eng kam daromad oluvchi 50 foiz qismining (aholining teng yarmi) daromadlari darajasi o‘zgarishiga e’tibor qaratilsa, ularning umumiy daromaddagi ulushi 2017 yilgi 31,1 foizdan hozirgi kunga kelib 30 foizgacha qisqarganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Qolgan 50 foiz aholi guruhi — yuqori daromad egalari daromadlarining umumiy daromaddagi ulushi esa 2017 yilgi 68,9 foizdan 70 foizgacha yetgan. Ehtimol, eng yuqori daromadli 10 foiz aholi qatlami daromadlarining umumiy daromaddagi ulushi haqiqatda kamayib borayotgandir (shunchaki statistika buni sezmayotgan bo‘lishi ham mumkin). Biroq, bu tengsizlikning qisqarib borayotganligini anglatmaydi, sababi eng kam daromad oluvchi aholining umumiy daromaddagi ulushi ham qisqarib bormoqda.

Umumiy daromaddagi ulushi eng yuqori sur’atda o‘sgan daromad guruhi esa IX detsil hisoblanadi, ya’ni 80 foiz aholiga nisbatan boyroq, eng boy 10 foiz aholi guruhiga nisbatan kambag‘alroq aholi guruhi. Bu guruh daromadining umumiy daromaddagi ulushi so‘nggi olti yilda 1,3 foizga oshgan. Demak, daromadlar darajasining eng yuqori o‘sishi yuqori daromad guruhlarida kuzatilmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekiston tengsizlik darajasi yildan-yilga oshib bormoqda. Tahlillar mazkur tendensiya ayniqsa so‘nggi 5−6 yilda sezilarli darajada kuchayganligini ko‘rsatadi. Tengsizlik nafaqat daromad guruhlari orasida, balki hududlar hamda sohalar kesimida ham chuqurlashib borayotganligi kuzatilmoqda.

E’tiborlisi shundaki, tengsizlikning kuchayishiga qaror qabul qiluvchilar ham regressiv ta’sirga ega qarorlar, natija va manzillilik borasida har doim ham o‘zini oqlamayotgan dasturlar vositasida sezilarli ta’sir o‘tkazmoqda. Ularning sa’y-harakatlari yoki harakatsizligi tengsizlik darajasining o‘sishiga xizmat qilmoqda.

Ehtimol, O‘zbekistondagi tengsizlikning hozirgi kundagi darajasi nisbatan xavfsiz yoki qabul qilib bo‘lmas darajada yuqori emasdir, biroq raqamlar so‘nggi yillarda tengsizlik yuqori sur’atlarda o‘sib borayotganligini tasdiqlaydi. Qaror qabul qiluvchilar tarafidan tengsizlikni yumshatish borasidagi muayyan chora-tadbirlarga urinishlar hozircha sezilmadi. Bundan tashqari, tengsizlik favqulodda yuqori bo‘lmasa-da, uning kuchayishi ba’zi holatlarda su’niy vositalar hisobiga hamda adolatsiz ravishda yuz berayotganligi ham bu haqida chuqurroq fikr yuritishga undaydi.

Nazarimda, tengsizlik, xoh hududlar o‘rtasida bo‘lsin, xoh sohalar kesimida bo‘lsin, xoh daromad guruhlari o‘rtasida bo‘lsin, kelgusida ham shubhasiz saqlanib qoladi yoki oshib boradi. Biroq, qaror qabul qiluvchilar o‘z ixtiyorlaridagi mavjud ayrim vositalar yordamida vaziyatni (masalan, hududlar yoki sohalar o‘rtasidagi tengsizlikni) yumshatish imkoniyatiga ega. Qolaversa, tengsizlikning keskinlashishiga xizmat qilayotgan har qanday qarorlardan voz kechish nisbatan adolatli yechim bo‘lib, tengsizlikning yanada oshib ketishining oldini olishi mumkin. Aks holda bugungi kundagi harakatlar yoki harakatsizlik ortidan tobora chuqurlashib borayotgan tengsizlikning oqibatlari barcha uchun qimmatga tushishi mumkin.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.