O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 dekabr kuni 2030 yilgacha O‘zbekistonning «yashil» iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Qaror bilan 2030 yilgacha O‘zbekistonda «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va «yashil» o‘sishni ta’minlash dasturi tasdiqlandi. Dastur quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan:

  • issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010 yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish;
  • sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish;
  • yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi hajmini, shu jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga 30 foizga kamaytirish;
  • iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, 1 mln gektargacha maydonda suv tejovchi sug‘orish texnologiyasini joriy etish;
  • yiliga 200 mln ko‘chat ekish va ko‘chatlarning umumiy sonini 1 mlrd dan oshirish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizdan ortiqroqqa kengaytirish;
  • respublika o‘rmon fondi zaxiralari ko‘rsatkichini 90 mln kub metrdan ortiqroqqa yetkazish;
  • hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizdan oshirish.

Bundan tashqari, qaror bilan Sanoat tarmoqlarida «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va energiya tejamkorligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiya, 2030 yilgacha O‘zbekistonda «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va «yashil» o‘sishni ta’minlash bo‘yicha harakatlar rejasi hamda 2022−2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg‘i-energetika resurslarini tejashning maqsadli parametrlari tasdiqlandi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi «yashil» iqtisodiyotni ilgari surish va «yashil» o‘sish tamoyillarini joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarida issiqxona gazlari tashlanmalarini qisqartirishga doir faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Energetika vazirligi esa «yashil» energetikani rivojlantirish, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorod energetikasini keng joriy qilish, shuningdek, energiya samaradorligini oshirish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning energiya sig‘imini kamaytirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Qarorga muvofiq, 2023 yil 1 iyundan boshlab mahsulotlarni ishlab chiqarishda ekologiya va atrof-muhitga ta’sirni cheklash bo‘yicha qo‘yilayotgan talablar asosida «yashil sertifikatlar» tizimi joriy etiladi.

Bundan tashqari, quyidagilarni nazarda tutuvchi 2022−2026 yillarda issiqxona gazlarining chiqarilishini davlat tomonidan tartibga solish infratuzilmasi bosqichma-bosqich yaratiladi:

  • issiqxona gazlarining chiqarilishini davlat tomonidan hisobga olish va ularning davlat kadastrini yuritish;
  • uglerod birliklarining reyestrini shakllantirish va yuritish;
  • iqtisodiyot tarmoqlari kesimida issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirishning maqsadli ko‘rsatkichlarini belgilash;
  • issiqxona gazlarining chiqarilishini qisqartirish bo‘yicha faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash.

2024 yil 1 yanvardan boshlab barcha issiqxona gazlarini qamrab oluvchi Iqlim o‘zgarishi sohasida monitoring, hisobot berish va tekshirishning zamonaviy tizimi (MRV) yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini rejalashtirish va amalga oshirishdan oldingi bosqichlarda ularning issiqxona gazi hajmini qisqartirish imkoniyati baholanib, loyihalar natijasida qisqartirilgan issiqxona gazi hajmi sertifikatlashtiriladi va tashqi bozorlarga yo‘naltiriladi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab yangi quriladigan, quvvati 1 MVtdan yuqori bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalari doirasida ushbu stansiyalarning o‘rnatilgan quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi majburiy tartibda joriy etiladi.

Qarorga ko‘ra, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Parij bitimining (Parij, 2015 yil 12 dekabr) 6-moddasiga muvofiq, Barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ (milliy organ) hisoblanadi. Shuningdek, vazirlik xalqaro va respublika darajasida issiqxona gazi savdosini (Emission Trade System — ETS, Joint Credit Mechanism — JCM va boshqalar) tartibga solish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish va boshqarish, shuningdek, ushbu sohadagi loyihalarni amalga oshirish davrida monitoring va hisobotlarni yuritish uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi organ sifatida ishtirok etadi.

Bundan tashqari, endilikda barqaror «yashil» iqtisodiy o‘sish, «yashil» iqtisodiyotga o‘tishga doir, xususan, issiqxona gazi tashlanmalari miqdoriga ta’sir qiluvchi loyihalar va chora-tadbirlarni ko‘zda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlar loyihalari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan majburiy tartibda kelishiladi.

Hujjat bilan, shuningdek, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi va «yashil» o‘sish borasida faoliyat olib boruvchi xalqaro moliya institutlari va rivojlanish bo‘yicha hamkor tashkilotlarning texnik ko‘mak, tahlil qilish va salohiyatni oshirish bo‘yicha faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtiruvchi Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi tasdiqlandi.

Gidrometeorologiya xizmati markazi va Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutiga ikki oy muddatda Respublika bo‘ylab quyosh, shamol va biogaz energiyasi resurslari bo‘yicha innovatsion ma’lumotlar bazasini shakllantirish topshirildi.