Hukumatning «Atoqli davlat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazov tavalludining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2022 yil dekabr oyining ikkinchi o‘n kunligida Nukus shahrida Musa Tajetdinovich Yerniyazov tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi o‘tkaziladi. Uning hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyati haqida hujjatli film yaratiladi, hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan kitob-albom ham chop etiladi.

Shuningdek, Nukus shahri «Jeke terek» mahallasidagi Musa Yerniyazov yashagan xonadonda yodgorlik lavhasi o‘rnatiladi.

Siyosatshunos va olimlar hamda nuroniylar ishtirokida xotira tadbirlari, davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etiladi.

Ma’lumot o‘rnida, Musa Yerniyazov 1947 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida tug‘ilgan. 1971 yili Toshkent qishloq xo‘jaligini irrigatsiyalash va mexanizatsiyalash muhandislari instituti, 1986 yili Toshkent oliy partiya maktablarini bitirgan. 2019 yil «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.

1983−1989 yillarda Qoraqalpog‘iston uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri, 1989−1990 yillarda O‘zbekiston Vazirlar Kengashi huzuridagi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining doimiy vakili bo‘lib faoliyat olib borgan.

2000−2001 yillarda Chimboy tumani hokimi, 2001−2002 yillarda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining industriyani rivojlantirish, qurilish va kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.

2002 yildan boshlab 2020 yil — vafotiga qadar Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining raisi — O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari edi.