Toshkent viloyati Angren shahrida sobiq hokim yordamchisi o‘z joniga qasd qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 2 dekabr kuni soat 15:00 larda shaharning Ulug‘bek mahallasida yashovchi 39 yoshli B. N. o‘z xonadonida jonsiz holda topilgan. «Ovchilik» birlashmasiga qonuniy a’zo bo‘lgan B.N. o‘ziga tegishli bo‘lgan ov qurolidan tanasining chap ko‘krak sohasi qismiga taqab sochma qo‘rg‘oshinli o‘qdan bir marotaba uzgan.

To‘rt farzandning otasi bo‘lgan erkak olgan tan jarohati oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida fuqaro B. N. Angren shahar «Dorilfunun» MFYda hokim yordamchisi lavozimida ishlagani va shu kunlardan ishdan bo‘shagani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, u otasining vafotiga ko‘p bo‘lmagani bois tushkun kayfiyatda yurgani aniqlangan.

Hozirda holat bo‘yicha qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.