Tarmoqlarda Shahrisabz shahar hokimi Akrom Sulaymonov va mutasaddilarning qalin kiyimda, ularning oldida turgan o‘quvchi qizlar esa yupun kiyingani aks etgan surat muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur holat Shahrisabz shahar Yoshlar ishlari agentligi va sektor rahbarlari «Yoshlar daftari»da turganlarga navbatdagi subsidiya asosida mehnat qurollari va to‘lovlar uchun sertifikatlar topshirish marosimida bo‘lgan. Shahrisabzdagi 1-maktab hovlisida tashkil etilgan, o‘quvchilarga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan tadbirga bolalar ham jalb etilgan.

Foto: Shahrisabz shahri hokimligi matbuot xizmati

Shahar hokimligining Telegram kanalida tadbir haqida joylangan post va fotosuratlari ko‘p o‘tmay o‘chirib yuborilgan.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova vaziyatga munosabat bildirar ekan, vazirlik tomonidan maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarini maktab vaqtidan tashqari, ularning salomatligi hamda xavfsizligiga xavf soladigan turli tadbirlarga jalb qilmaslik bo‘yicha doimiy ravishda ogohlantirib kelinishini qayd etdi.

«Afsuski, shunga qaramay ushbu suratdagi kabi ayanchli holatlar yuzaga kelmoqda. Bolalarning maktabdan tashqari vaqtlarda tadbirga jalb etilishi va eng achinarlisi, sovuq ob-havo sharoitiga qaramay ularning yupun kiyimlarda ekanligi ushbu hududdagi har bir mutasaddining aybi, deb hisoblaymiz», — deyiladi munosabatda.

Vazirlik hudud mutasaddilari sanalgan hokimlar, sektor rahbarlari, huquq-tartibot organlari mas’ullaridan ta’lim muassasasida maktab vaqtidan tashqari tadbirlarni tashkil etayotganda maktab o‘quvchi va o‘qituvchilarini jalb qilib, bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymasliklarini qat’iy so‘radi.

Keyinchalik Shahrisabz hokimligi holatga izoh berib, 2-son bolalar musiqa va san’at maktabi qoshida tashkil etilgan «Tumorcha» raqs to‘garagi rahbari va ota onalarining o‘zlari o‘quvchi-qizlarning kechki tadbirda raqslarini namoyish etish taklifi bilan chiqqanini ma’lum qildi.

«Ular ota-onalari bilan gulxan atrofida birga issiq kiyimlarda o‘tirishgan (bu holat rasm va videoda ham aks etgan). Faqatgina davrada o‘ynashda va taqdirlash jarayonida rasmga olish uchun qisqa vaqtda raqs kiyimida bo‘lishgan, xolos. Bu yerda tashkilotchilarni oqlashdan yiroqmiz, faqat tadbirga raqs to‘garagi qizlarining ustozi va ota-onalari tashabbusiga ko‘ra yutuqlarini baham ko‘rish uchun kelishganini anglashimiz zarur. Tadbir 17:30 da boshlanib, yoshlarning xohishiga ko‘ra gulxan atrofida ko‘ngilochar dasturga ulanib ketgan va kech soat 19:30 da tugagan», — deyiladi munosabatda.

Mazkur holat yuzasidan shahar hokimligida yig‘ilish o‘tkazilib, yoshlar tadbirini tashkil etishda e’tiborsizlik qilgan mas’ullarga choralar ko‘rilgan.

«Barchadan uzr so‘ragan holda jamoatchilikning keskin tanqidiga olib keladigan bunday holatlarga boshqa yo‘l qo‘ymasligimizni ma’lum qilamiz va bu tadbir biz uchun achchiq saboq bo‘ldi», — deyiladi xabarda.