O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati 3 dekabr kuni jurnalist va bloggerlar ishtirokida press-tur uyushtirdi. Unda Ohangaron tumanida joylashgan «Chinor» yo‘l-patrul xizmati statsionar postida joriy etilgan yashil va qizil yo‘lak tizimi haqida axborot berildi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 iyuldagi «Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 377-son qarori talablari asosida respublika hududida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga barham berishni ta’minlaydigan yangi tartibi belgilandi.

Shunga ko‘ra, 2022 yil 1 dekabrdan boshlab yashil va qizil yo‘lak tamoyili Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan «Chinor» yo‘l-patrul xizmati statsionar postida joriy etildi.

Ushbu tizimning ishlash mexanizmi quyidagicha: statsionar postlaridan 700 metr oldin joylashgan transport vositalarining davlat raqam belgisini qayd etuvchi va maxsus diodli ekran joylashtirilgan bo‘lib, haydovchilar ekranda qayd etilgan ma’lumotga asosan yashil yoki qizil yo‘lak orqali harakatlanishi haqida axborot oladi.


Yashil yo‘lakdan qoidabuzarlik va huquqbuzarlik sodir etmagan transport vositalari haydovchilari hech qanday to‘siqsiz va cheklovlarsiz harakatlanadi. Qizil yo‘lakka qarzdorligi bor, yuk avtomobilida aniqlangan ortiqcha yukli, sug‘urta polisi muddati tugagan va boshqa kamchiliklari bor haydovchilar yo‘naltiriladi. Postlarda tashkil etilgan ma’muriy amaliyot binosidagi bank terminallari orqali qarzdorlik bo‘yicha to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng, ularning harakatini davom ettirishga ruxsat beriladi.

Texnik ko‘rikdan o‘tmagan, sug‘urta polisi muddati o‘tgan transport vositalari yuzasidan ma’muriy bayonnoma tuzilgandan so‘ng, vazn va hajm parametrlarini buzib harakatlangan transport vositalari bo‘yicha esa vazn va hajm parametrlari tegishli normaga moslashtirilgan taqdirda, ularning harakatini davom ettirishga ruxsat beriladi.

Qizil yo‘lakka yo‘naltirilgan haydovchilarga jarima to‘lash, sug‘urta polisini yangilash va boshqa hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun ma’muriy amaliyot binosida xizmat ko‘rsatiladi. Qoidabuzarlik va huquqbuzarlikni bartaraf etgan haydovchilar dovondagi harakatini davom ettiradi.

Foto: Nurulloh Sharipov / «Gazeta.uz»

Qarzdorlik to‘lanmagan hollarda transport vositalari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 291-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi 149-son qarori bilan tasdiqlangan qonunchilik hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalari maxsus to‘xtash joylariga qo‘yiladi.

Vazn va hajm parametrlarini buzib harakatlangan transport vositalari bo‘yicha vazn va hajm parametrlarini tegishli normaga moslashtirilmagan yoki obyektiv sabablarga ko‘ra buning imkoni bo‘lmagan taqdirda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ushlab turish choralari ko‘riladi.

Qidiruvda bo‘lgan transport vositalari aniqlanganda, ushbu transport vositalari darhol maxsus to‘xtash joylariga joylashtiriladi.

Respublikaning qolgan 29 ta yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida ushbu tizim 6 bosqichda 2025 yilgacha to‘liq joriy etiladi.