Toshkentning Uchtepa tumanida Lacetti haydovchisi olti nafar piyodani urib yubordi, ulardan ikki nafari esa vafot etdi, deya xabar bermoqda poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 4 dekabr kuni taxminan soat 06:15 larda tumanning Farhod ko‘chasi 2-uy ro‘parasida 1996 yilda tug‘ilgan R. I. Lacetti avtomashinasini boshqarib ketayotib yo‘l-transport hodisasini sodir etgan.

Ya’ni, 1982 yilda tug‘ilgan A. A. boshqaruvidagi Nexia-3 avtomashinasi bilan to‘qnashib, so‘ngra olti nafar piyodani ham urib yuborgan. Shuningdek, yo‘l chetida harakatsiz turgan 1995 yilda tug‘ilgan M. V. boshqaruvidagi Matiz rusumli avtomashina bilan to‘qnashgan.


YTH oqibatida Lacetti haydovchisi hamda to‘rt nafar piyoda (N. S., M. U., Yu. Sh., E. M.) turli darajadagi tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam markaziga yotqizilgan. Ikki nafar piyoda (Q. X. va G. F.) olgan tan jarohatlari natijasida vafot etgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Lacetti haydovchisi tezlikni me’yoridan oshirib, rul boshqaruvini yo‘qotgani YTHga sabab bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.