Ijtimoiy tarmoqlarda 30 noyabr kuni yarim tunda Toshkentning Olmazor tumanida pichoqlab ketilgan profilaktika inspektori rashk qurboni bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati holat bo‘yicha asoslanmagan xabarlar tarqalayotganini ma’lum qildi. Qotillikda gumonlanayotgan muqaddam sudlangan fuqaro xodimga tajovuz qilgach, voqea joyidan qochib ketgan va hozir qo‘lga olingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa uning ayol bilan avtomashinasida gaplashib o‘tirgan vaqtida, ayolning turmush o‘rtog‘i kelib qolib, rashk oqibatida qotillik sodir etgani haqida asossiz xabar tarqatilgan.

Biroq, jinoyatni o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, marhum profilaktika inspektori jabrlanuvchi ayolning chaqiruviga asosan voqea joyiga borgan. Ayol o‘zining shar’iy nikohidagi turmush o‘rtog‘i o‘ldirish bilan qo‘rqitayotganligini va unga chora ko‘rishni so‘ragan.

Profilaktika inspektori xabarni rasmiylashtirish maqsadida jabrlanuvchini o‘z avtomashinasida mahalla idorasida joylashgan tayanch punktga olib kelganda, ortidan shaxsiy transportida yetib kelgan B.Z. profilaktika inspektoriga o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan hujum qilgan. Bu vaqtda ayol qochishga ulgurgan. Profilaktika inspektori o‘z hayotini qurbon qilish evaziga ayolning hayotini saqlab qolgan.

Bayon etilgan holat tegishli videotasvirlarda va guvohlarning ko‘rsatmalarida aks etgan, deyiladi xabarda.

IIBB gumonlanuvchining yaqinlari yoki uchinchi shaxslar tomonidan voqea tafsilotlariga turli talqin berilishi mumkinligi va bu ma’lumotlar tekshirilib qonuniy baho berilishini ma’lum qildi.

Tergov yakunlanmagunga qadar jamoatchilik va OAVdan turli taxmin va mish-mishlardan iborat shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitilishiga olib keladigan axborotni tarqatmasliklarini so‘raymiz, deyiladi IIBB xabarida.