Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Juda kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida yangi loyihani boshladi. “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — jurnalist va bloger, jamoatchilik faoli, Telegram’dagi Davletovuz kanali muallifi Qobil Xidirov (loyihaning birinchi mehmoni yozuvchi va tarjimon Sharifjon Ahmad bo‘lgandi).

Yaqin orada o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Axborot oqimi jadallashgan sari kitob o‘qish yildan-yilga qiyinlashib ketyapti. Shungami, oxirgi paytlar badiiy asar mutolaa qilishim susaydi, ko‘proq tarixiy, ilmiy-ommabop kitoblarni o‘qiyapman. Kitoblarni asosan elektron shaklda, Kindle riderida o‘qiyman.

Steve Coll. Directorate S: The C.I.A. and America’s Secret Wars in Afghanistan and Pakistan. Penguin Press nashriyoti. 2018 yil, 784 sahifa


O‘tgan yili Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatga kelganidan so‘ng qiziqib qolgandim, Stiv Kolning “Directorate S: The C.I.A. and America’s Secret Wars in Afghanistan and Pakistan” (“S direksiyasi: Markaziy razvedka boshqarmasi va Amerikaning Afg‘oniston va Pokistondagi maxfiy urushlari”) kitobini o‘qib tugatdim. U AQShning, umuman, xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistondagi muvaffaqiyatsizliklarini tushunishga yordam beradi.

Qolaversa, “Tolibon” hamda Afg‘oniston siyosiy hayotida katta ta’sir va kuchga ega bo‘lgan Pokiston idoralararo razvedka xizmatining rolini chuqurroq anglashga xizmat qiladi. Afg‘on jamiyati, qabilalar, mahalliy liderlarning o‘rnini bugungi reallik bilan uzviy bog‘lay olasiz, kattagina kitob.

Tom Gallagher. Salazar: The Dictator Who Refused to Die. Hurst nashriyoti. 2020 yil. 360 sahifa


Mazza qilib o‘qiganim — Tom Kallagerning “Salazar: The Dictator Who Refused to Die” (“Salazar: O‘lishni rad etgan diktator”) kitobi bo‘ldi. Portugaliyani uzoq yillar boshqargan, mamlakatni Ikkinchi Jahon urushidan unda qatnashmay olib chiqqan, odamlarga “barqarorlik va musaffo osmon"ni berib, politsiya rejimini o‘rnatgan odamning hayoti haqida.

O‘zbekistonning yaqin o‘tmishdagi davri bilan solishtiradigan joylari ko‘p. Hatto o‘limida ham o‘xshashliklar anchagina. Hozirgacha Portugaliyaning eng mashhur siyosatchilari ro‘yxatida yetakchilik qiladigan Salazarning asket hayoti, oila qurmasdan yashashi, xushlaydigan va xushlamaydigan siyosatchilar bilan munosabatlari, vaqti-vaqti bilan xarakter ko‘rsatishi — hammasi kitobda yaxshi ochib berilgan.

“Борис Ельцин. Воспоминания личных помощников. То было время великой свободы…”. “Rodina” nashriyoti. 2021 yil. 416 sahifa


Oxirgi o‘qiganim esa “Борис Ельцин. Воспоминания личных помощников. То было время великой свободы…” (“Boris Yelsin: Shaxsiy yordamchilarning xotiralari. Buyuk erkinlik davri edi u…”) kitobi bo‘ldi. Buni ham o‘qib, mazza qildim. Yelsin hammaslaklari, garchi Yelsin haqida so‘zlab berishgan bo‘lsa-da, aslida o‘sha davr muhitini, hatto O‘zbekistondagi vaziyatni Kremlga yaqin doiralarda qanday ko‘ringanini yaxshi yoritishgan.

Juda ko‘p detallar bor, hajviya o‘qigandek kulib mutolaa qilasiz. Mualliflar Yelsinning fonida o‘zining muhimligini ta’kidlab, ichidagi kichkina “odamchalar"ning noroziligini ham bildirib turadi. Gorbachyovning Yelsinga qarshi, Yelsinning Gorbachyovga qarshi intrigalari eng yaqin manbalar tilidan yaxshi yoritilgan. Avgustdagi GKCHP, Beriyaning kabinetidagi quyuq-suyuq o‘tirishlar, Qirg‘iziston kompartiyasi liderlari Sharof Rashidovga hasad bilan qaragani kabi qiziq-qiziq holatlar ancha-muncha.

Yoshlar (18−30 yosh orasidagi yigit-qizlar) o‘qishi tavsiya etiladigan 10 kitob

Quyidagilarni eng zo‘r asarlar deyishdan yiroqman, lekin o‘qish uchun tavsiya qilishim mumkin:

  1. Cho‘lpon — “Kecha va kunduz”;
  2. Nazar Eshonqul — “Maymun yetaklagan odam”;
  3. Chingiz Aytmatov — “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”;
  4. Ernest Heminguey — “Chol va dengiz”;
  5. Alber Kamyu — “Begona”;
  6. Frans Kafka — “Evrilish”, “Jarayon”;
  7. Harper Li — “To Kill a Mockingbird” (“Mazaxchi qushni o‘ldirish”);
  8. Daron Ajemo‘g‘li, Jeyms A. Robinson — “Mamlakatlar tanazzuli sabablari: qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari” (“Why Nations Fail: The Origins of Power, Prosperity, and Poverty”);
  9. Kormak Makkarti — “The Road” (“Yo‘l”);
  10. Sergey Dovlatov — “Chemodan”, “Kompromiss”, iloji bo‘lsa, barcha asarlarini;
  11. Qo‘shimchasiga — yunon mifologiyasini ham.