2 dekabr kuni, tunda O‘zbekistonga COVID-19 ga qarshi emlash uchun yana 2 308 410 doza Pfizer vaksinasi keltirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bir hafta ichida O‘zbekistonga Pfizer vaksinasining uch partiyasi olib kelindi. 28 noyabr dushanba kuni ushbu vaksinaning 142 740 dozalik va 549 900 dozalik ikki partiyasi yetib kelgandi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan haftadan boshlab, O‘zbekistonda koronavirus qayd etilgan bemorlar soni oshgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar 2022−2023 yillar kuz-qish mavsumida koronavirus infeksiyasi bilan miks-infeksiya kasalligi sifatida, aynan emlanmagan aholi hamda surunkali kasalliklari mavjud bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida qayd etilishi kuzatilmoqda.

«Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettirilmoqda va epidemik vaziyat to‘liq nazorat ostiga olingan», — deya ta’kidladi u.