O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan mamlakat xalqiga murojaat yo‘lladi.

Davlat rahbari O‘zbekistonda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilanganini qayd etdi. «Bu jarayonda barcha fuqarolarimiz kabi nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizga e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda», — dedi u.

Bugungi kunda mamlakatda 1 mln nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan fuqarolar istiqomat qilmoqda. «Taqdir taqozosi bilan nogiron bo‘lib qolgan bironta ham yurtdoshimiz xalqimizning, davlat idoralarining mehru e’tiboridan chetda qolmasdan, o‘zining mehnati va qobiliyati bilan nafaqat hayotda o‘z o‘rnini egallab kelmoqda, balki azmu matonati, sabr-bardoshi va shukronalik fazilatlari bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lmoqda», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga murojaat qilar ekan,vatandoshlarni bu yo‘nalishda boshlagan xayrli ishlarni faol davom ettirishga chaqirdi.

«Shu maqsadda, biz barcha fuqarolar, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bir xil imkoniyatlar amal qiladigan inklyuziv jamiyatni barpo etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiramiz. Shu asosda nogironlikni belgilashning allaqachon eskirgan tibbiy modelidan umume’tirof etilgan ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tishni o‘z oldimizga muhim vazifa qilib qo‘yganmiz», — dedi u.

«Bundan buyon bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, jamoat transporti, axborot va aloqa vositalarini ishlab chiqarishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ulardan hech bir moneliksiz foydalana olishiga birlamchi ahamiyat qaratiladi», — deya ishonch bildirdi prezident.

U nogironligi bor shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlaridagi qamrov hajmini 2 barobar oshirish, hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan 10 ga yaqin shunday markazlarni kengaytirib, zamonaviy tibbiy va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilishini ma’lum qildi.

«Ishontirib aytamanki, sizlar o‘zlaringizni yolg‘iz his etmasligingiz, zarur bilim va kasb-hunarlarni egallab, barcha soha va tarmoqlarda faol ishtirok etishingiz, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishingiz, madaniy ehtiyojlaringizni ta’minlashingiz uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz», — dedi davlat rahbari.