1−2 iyul kunlari Nukusda sodir bo‘lgan voqealar to‘g‘risidagi jinoiy ish bo‘yicha asosiy gumonlanuvchi Dauletmurat Tajimuratov payshanba kuni Buxoroda bo‘lib o‘tgan sud majlisida so‘zga chiqib, bir qator guvohlarni, jumladan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining amaldagi va sobiq raislarining sudga chaqirilishini so‘radi. Shuningdek, u Mudofaa vazirligiga o‘sha voqealar vaqtida o‘qotar qurol qo‘llangani bo‘yicha iltimosnoma bilan murojaat qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi. Nutqni sud zalidan uzatilgan translyatsiyadan tinglash mumkin. Nutqning ayrim qismlari O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan ham e’lon qilindi.

«Nima bo‘layotganini ko‘ryapman. Va hammasi biz aybdor bo‘lib chiqyapmiz. Davlat aybdor emas. Davlatda qonunlar to‘g‘ri ishladi… Siyosiy ish bugun, ertaga ko‘riladi, hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Bularning barchasi tarixda qoladi, bir necha bor ko‘tariladi», — deya boshladi o‘z nutqini.

«Nima uchun bunday deyapman? — deya davom etdi sudlanuvchi. — Qancha odam o‘ldi. Odamlarning o‘limida o‘zimni aybdor his qilmayman. Va men kechirasiz demayman. Va bu yerda o‘tirganlarning ham (boshqa sudlanuvchilarni ko‘rsatib) aybi yo‘q».

U bir kishining boshida granata oskolkasi, boshqasining peshonasida, uchinchisining ko‘kragida o‘q borligini aytilgan ish materiallariga e’tibor qaratdi.

Dauletmurat Tajimuratov huquq-tartibot idoralari xodimlarining jamoat joylarida qurol ishlatishi taqiqlangani bois, vatandoshlariga qarata o‘q uzganlar qaysi akademiyada o‘qiganini so‘radi.

«Savol tug‘iladi, o‘q ko‘krakka qayerdan kelib tushdi? Ota-bobolarda gap bor, o‘q egasini tanlamaydi. Biroq miltiq ushlagan egasini tanlaydi. Men tergovda videoda ko‘rdim shahar IIB oldida aytishyapti, otishni to‘xtatinglar, otib tashlayapsizlarku degan video turibdi. Bu nima degani? Qaysi mamlakatda yashayapmiz, o‘z xalqiga o‘q otish degan», — deb so‘radi u.

Sudlanuvchi sudyaga murojaat qilar ekan, ikkita iltimosnoma tayyorlaganini ma’lum qildi.

«Men sizdan iltimos qilaman, hurmatli raislik qiluvchi, xohlang qanoatlantiring, xohlang qanoatlantirmang… Iltimosnomam shundan iboratki, sizdan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga sud orqali so‘rovnoma yuborishingizni iltimos qilaman», — deya qayd etdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iltimosnomada quyidagi savollar o‘rin olgan: «Harbiy quroldan, xalqning qo‘lida harbiy qurol, ov miltig‘i yoki boshqa qurollar bo‘lsa, qo‘llasa bo‘ladimi yoki bo‘lmaydimi? Agar fuqarolarning qo‘lida harbiy qurol bo‘lmasdan, ya’ni boshqa sovuq qurollar bo‘lsa, qo‘llasa bo‘ladimi yo bo‘lmaydimi? Bundan tashqari, Makarov to‘pponchasi, Kalashnikov avtomati bor, granata bor, bularni qo‘lllasa bo‘ladimi yo bo‘lmaydimi?»

«Bundan keyin Bababniyazov Nikolayning ko‘rsatmasida shunday deyilgan: «Men yonimdagi oddiy askarning to‘pponchasini olib, osmonga qarata 5−6 marta otdim, Dauletmurat Tajimuratovning uyini oldida dedi. Mening uyimning oldidan 72 dona o‘q olindi. Ularni saqlatib qo‘yibman. 72 ta o‘q, hurmatli raislik qiluvchi. Tepaga qarab o‘q otishga bo‘lmaydi qonunda. Tepaga otilgan o‘q ma’lum vaqtdan keyin, pastga yana shu kuch bilan qaytadi va kimgadir tegadi», — dedi sudlanuvchi.

«Hurmatli boshchilik qiluvchi, birinchi mazkur iltimosnomani o‘zingiz muhokama qilib, qanoatlandirib berishingizni iltimos qilaman. Sababi o‘lgan odamlarning qoni tortadi. Javob beradigani javob bersin. Ular uchun bizlar (qamoqda) o‘tirishimiz shart emas, ammo men o‘tirib beraman», — deya qo‘shimcha qildi u.

Sudlanuvchi ikkinchi iltimosnomani yetkazishdan avval ertalab 6:45 da «Istiqlol» deb nomlangan radiokanalda «Qoraqalpoqlar, Buxoroga xush kelibsiz», degan 7 bandli she’r o‘qilganini ta’kidlab o‘tdi. Ayni paytda, uning ta’kidlashicha, suhbatlardan ayrimlar xarajat qilib bu yerga kelgan, kimdir sigirini, kimdir molini sotib kelgan.

«Prokuratura gostinitsada yotadi, sudyalar gostinitsada yotadi. Advokatlar ham yotsin, axir. Advokatlar kollegiyasi bor, tashkillashtirib bering, hurmatli sudya. Advokatlar kollegiyasini hurmat qilsin, (mehmonxonada) yotqizsin. Fuqarolarni ham (sudlanuvchilarni ortidan kelgan yaqinlarini nazarda tutmoqda — tahr.) birinchi bo‘lib, ularni yotqizsin. …Tug‘ishgan ekanmiz o‘zbek xalqi bilan. Puli yo‘q qaytib ketyapti. abedini bersin, nima bo‘libdi bu… Shuni bir o‘zingiz, vakilligingizga kirmaydi, hurmatli boshchi (sudyani nazarda tutib) shuni inobatga olsangiz», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sudya bilganidek, «tergov paytida bir narsani, sudda boshqa gapni aytadiganlarni yoqtirmaydi». Dalil shundan iboratki, u sudda bir necha bor ayblanuvchilarning ko‘rsatmalari tergovda berilganidan farq qilganidan g‘azablangan.

Tajimuratov bu mavzuni uning so‘zlariga ko‘ra, «O‘rinboyev ismli ichki ishlar vaziri» (Amanbay O‘rinboyev, hozir Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi — tahr.) tergov davomida yolg‘on ko‘rsatma bergani uchun ko‘targanini aytdi.

«Sizdan iltimosim, agar odil sud bo‘layotgan bo‘lsa shu odam shu yerga kelsin. Guvohlik bersin, xalq ishonib o‘tiribdi u odamga. Men u odamga ishomayman», — dedi sudlanuvchi. Uning fikricha, otishga u buyruq bergan.

Tajimuratov Murat Qallibekovichga (JKning sobiq rahbari — tahr.) ham savollari borligini ma’lum qildi.

«Bir savolga aniqlik kiritilmayapti, hurmatli raislik qiluvchi. Uyushgan jinoiy guruh deb bizlarni til biriktirgan, deb qo‘yibdi. Jo‘qorg‘i Kengesning oldiga borganda Prado (Murat Kamalovning yo‘ltanlamasi — tahr.) parashyutdan tushgan yo‘qku. Mashinani shu yerga haydab borishni kim bo‘lsa ham aytgan bo‘lsa kerak. Men yoki mening yordamchilarim ularga Jo‘qorg‘i Kengesning oldiga hayda, demagandirmiz. O‘zidan-o‘zi bormagandir, kimdir topshiriq bergan? Yo‘q, yakuniy ayblovda yozib qo‘yibdi, bu oldindan reja qilingan, Jo‘qorg‘i Kenges tarafga Prado yurgan, mashinani shu tarafga majburlab olib borishgan. Mashinaning ichida O‘rinbayev o‘tiribdi, u topshiriq bergan bo‘lishi kerak yoki Milliy gvardiya boshlig‘i ham o‘tiribdi. Uch odam o‘tiribdi mashinada, uchalasidan bittasi buyruq bergandir haydovchiga. Tergovda bunga aniqlik kiritilmagan», — dedi sudlanuvchi.

Har ko‘rsatmamda men tergov protokolida tagiga yozdim. Hurmatli tergovchilar sizdan minnatdorman dedim. Biroq Murat Qallibekovich va Orinbayev bilan meni uchrashtiring, haydochi bilan uchrashtiring, dedim. Bo‘yningizda qarz bo‘lib ketmasin, omonat yomon narsa. Men umrbod o‘tirarman qamoqda, umrimni tikdim dedim. Biroq sizlardan iltimos, gunohimni ko‘tarmang, dedim. Yaxshi, deyishdi, lekin uchrashtirmadi… Shu bilan sud tamom", — deya ta’kidlab, amaldorlarni jalb qilish uchun sudning kuchi yetmasligini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Tojimuratov tergovchilar Toshxo‘jayev va Suxanovni ham chaqira olmaganini aytdi. Shuningdek, u uch nafar IIB xodimi uyidan pul va kompyuterini o‘g‘rilagani, bu holat videokameraga qayd etilganini ta’kidlab, ularni ham guvoh sifatida chaqirilishini so‘radi. Sudlanuvchining qo‘shimcha qilishicha, ular «Tajimuratov bilan profilaktik suhbat» o‘tkazishganini aytishgan.

Shuningdek, u «Yel xizmetinde» gazetasi bosh muharriri Yesimxan Kanaatov, Oralbay Dosnazarov, «yolg‘on guvohlik bergan» masjid imomi Ahmed Yakubni ham guvoh sifatida chaqirishlarini iltimos qildi.

Tajimuratov Ziyayev Sultanbek, Murat Kamolovning haydovchisi, Qoraqalpoq davlat universiteti rektori Axmet Reimov, Ulug‘bek Jalmenov («u ko‘p narsani biladi va ko‘p jihatlarga oydinlik kiritishi kerak»), Jo‘qorg‘i Kenes qo‘mitasi rahbari Zuxra Reimovani ham guvoh sifatida ko‘rishni xohladi.

Qisqa muhokamadan so‘ng sudya iltimosnomalarni qanoatlantirishga qaror qildi. So‘rovga javob olingach, ishga biriktiriladi, dedi u.

Shundan so‘ng Dauletmurat Tajimuratov ko‘rsatma berishni boshladi.