Toshkent shahrining issiqlik ta’minoti tizimi qanday yo‘lga qo‘yilgan, iste’molchilarni issiqlik ta’minoti va issiq suv bilan ta’minlash mas’uliyati qanday taqsimlangan? Nima uchun ba’zilarning batareyalari qaynoq, boshqalarniki esa deyarli isimaydi? Veolia Energy Tashkent «Gazeta.uz»ga yuqoridagi savollarga javob berib, issiq suv yoki isitish bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lsa, qayerga murojaat qilish kerakligi borasida ma’lumot ulashdi.

Bu kabi tez-tez beriladigan savollarga javob berishdan avval bir nechta bo‘g‘inlardan iborat bo‘lgan Toshkent shahrining markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimi qanday ko‘rinishini aniq tushuntirish kerak:

  1. «Toshkent issiqlik markazi» DUK va «Toshkent IES» AJ korxonalari. Poytaxtning 90 ofiz issiqlik energiyasini ishlab chiqaradi va Veolia Energy Tashkent`ga uzatadi.
  2. Veolia Energy Tashkent MCHJ (sobiq «Toshissiqquvvati» DUK). O‘zining 215 ta qozonxonasida 10 foiz issiqlik energiyasini ishlab chiqaradi. Jami ishlab chiqilgan issiqlik energiyasini uylar va binolarga yetkazib beradi.
  3. Boshqaruv kompaniyalari. Issiqlik energiyasini xonadongacha yetkazib beradi.

Issiq suv va issiqlik ta’minotida nosozlik qaysi tashkilotning mas’ul hududida yuz bersa o‘sha tashkilot muammoni hal qilishi mumkin.


Qaysi tashkilot nima uchun javobgar?

Issiqlik ta’minoti tashkiloti (Veolia Energy Tashkent) va pudratchi (iste’molchi) o‘rtasidagi mas’uliyatni taqsimlash hukumatning 2014 yilda tasdiqlangan «Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalari» qarori bilan tartibga solinadi.

Veolia Energy Tashkent issiqlik energiyasini «Toshkent issiqlik markazi» DUK va «Toshkent IES» AJ issiqlik tarmoqlaridan uylarning yer to‘la qismi yoki elevator qismigacha yetkazib beradi.

Boshqaruv kompaniyasi esa issiqlik ta’minotini uy ichidagi isitish tizimlari orqali amalga oshiradi va uy ichidagi isitish tizimlarining texnik holati va to‘g‘ri ishlashi (profilaktika, nazorat qilish, sozlash, yuvish va isitish moslamalaridagi nuqsonlarni bartaraf etish) uchun javobgar hisoblanadi. Xonadon egalari uy ichidagi isitish moslamalarining (radiatorlar, batareyalar) holati va xizmat ko‘rsatishga yaroqliligi uchun javobgar bo‘ladi.

Shuni esda tutish kerakki, yuqorida ta’kidlangan «Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalari»ga ko‘ra, xonadon egalariga uy ichidagi isitish moslamalariga o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanadi. Issiq suv ta’minotiga «issiq pol» tizimini ulash, radiatorlar bo‘limlarini ko‘paytirish va boshqalar qo‘shni xonadonlarda issiqlik energiyasining gidravlik qarshiligi va kerakli miqdorda yetishmasligiga bevosita ta’sir qiladi.


Muammo qaysi tomonda ekanligini qanday aniqlash mumkin?

Avvalo, sifatli issiqlik energiyasi sizning uyingizga yetib borishiga ishonch hosil qilishingiz kerak. Buning uchun boshqaruv kompaniyasi vakilidan balans aksessuarlarini ajratish nuqtasida o‘rnatilgan qurilmalarning ma’lumotlarini ko‘rsatishni so‘rang (elevator moslamasining kirish qismida). Ular quyidagicha bo‘lishi kerak:

  • harorat 50 darajadan 75 darajagacha;
  • ajratish nuqtasida issiq suv ta’minoti tizimidagi bosim 0,03 MPa (0,3 kgf/sm kub) dan 0,45 MPa (4,5 kgf/sm kub) gacha.

Agar ko‘rsatkichlar me’yorda bo‘lsa, demak Veolia Energy Tashkent uyni zaruriy sifatdagi issiqlik energiyasi bilan ta’minlayapti va muammoning sababini boshqaruvchi kompaniya tomonidan izlash kerak.


Xonadonlar egalari yoki boshqaruv kompaniyasi tomonidan uy ichidagi isitish tizimlarining noto‘g‘ri ishlatilishi yoki o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatilmasligi boshqa xonadonlarda, boshqa kirish joylarida yoki butun uy miqyosida issiqlik ta’minotida uzilishlarga olib kelishi mumkin.

Issiqlik quvuridagi jihoz ko‘rsatkichlari standartlarga mos kelmasa, nima qilish kerak?

Bunday holda, Veolia Energy Tashkent tuman boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilish zarur. Vaziyat bo‘yicha ishlash uchun nazoratchi parametrlarni ko‘rsatuvchi dalolatnoma tuzadi.


Agar issiq suv yoki issiqlik ta’minoti butunlay o‘chirilgan bo‘lsa, nima qilish kerak?

O‘chirish magistral quvurdagi avariya tufayli bo‘lishi mumkin. Bunday holda, Veolia Energy Tashkent kompaniyasining rasmiy Telegram kanalini tekshirishingiz kerak. Bu yerda issiqlik yetkazib beruvchi fors-major holatlari haqida xabar beradi hamda issiq suv va issiqlik ta’minotini tiklash vaqtini ko‘rsatadi.