O‘zbekistonda maktab o‘quvchilariga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish ishlari talab darajasida emas. Vaholanki, prezidentning «Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi қарориda o‘quv bazasini yaratish vazifasi aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, hamon sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasida 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda so‘z yuritildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonovning qayd etishicha, davlat rahbari tomonidan 2020 yil aprelda imzolangan қарорнинг bir qancha bandini bajarishda kamchiliklar kuzatilmoqda.

«Qarorda Ichki ishlar vazirligi zimmasiga bog‘cha tarbiyalanuvchilari va maktab o‘quvchilarida yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarni shakllantirishga qaratilgan moddiy-texnik va o‘quv bazasini yaratish vazifasi yuklatilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning 9 oyi davomida o‘n mingdan ortiq mavjud maktablarning bor-yo‘g‘i 588 tasi yoki qariyb 6 foiziga harakat xavfsizligi sinfxonalari tashkil etilgan, xolos», — dedi u.

Senatorning ta’kidlashicha, IIV tomonidan taqdim etilgan ma’lumotda yo‘l harakati qoidalarini bolalikdan singdirish maqsadida XTV bilan hamkorlikda maktab o‘quvchilari uchun YHQ bo‘yicha darsliklar tayyorlanayotganligi ma’lum qilingan. «Ammo bu darsliklar qachon amalga tatbiq etilishi to‘g‘risida aniq ma’lumot berilmagan», — dedi Burxonov.

Avvalroq, O‘zbekistonda 2022 yilning yanvar-oktabr oylari davomida 7 636 ta yo‘l-transport hodisasi (YTH) qayd etilib, ular oqibatida 226 nafar bola halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

Senator Qutbiddin Burhonov bolalar o‘limi bilan bog‘liq holat haqida to‘xtalarkan, jumladan, shunday dedi: «Bu holat barchamizda birdek tashvish uyg‘otadi. Biz 200 dan ziyod bolaning o‘limi haqida gapiryapmiz, vaholanki tinch zamonda bir nafar bolaning ham bu tarzda halok bo‘lishi — fojia».