Salam Air aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma oldi, deya xabar bermoqda «O‘zaviatsiya» agentligi matbuot xizmati.

O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim asosida Salam Air aviakompaniyasiga 30 noyabrda parvozlarni amalga oshirish uchun ekspluatatsion ruxsatnoma berildi.

Qatnovlar Maskat — Tashkent — Maskat va Maskat — Namangan — Maskat yo‘nalishlarida muntazam reyslar yo‘lga qo‘yiladi. Aviakompaniya parvozlarni A320 va A321 havo kemalarida amalga oshiradi.

Eslatib o‘tamiz, 18 noyabr kuni Salam Air aviakompaniyasi Maskat — Namangan — Maskat yo‘nalishi bo‘yicha yangi parvozlar qatnovini yo‘lga qo‘ygandi. Juma kuni kompaniyaning A-320 rusumli samolyoti Namangandan Maskat shahriga 184 nafar yo‘lovchini olib ketgandi.

Ma’lumot uchun, Salam Air narxlari arzonlashtirilgan biletga ega loukoster kompaniya hisoblanadi. U 2016 yilda tashkil etilgan. Hozirda 33 ta yo‘nalishda Yaqin Sharq, Osiyo va Yevropa davlatlariga parvozlarni amalga oshiradi.