29 noyabr kuni investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Turkiyaning Akça Holding kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi Ahmet Bilge Go‘ksan bilan uchrashdi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda to‘qimachilik sanoati, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, qishloq xo‘jaligi va mashinasozlik sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishni va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Turkiya kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda investorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholab, Namangan viloyatida to‘qimachilik yo‘nalishida 250 million dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

AQSh, Braziliya, Kanada va Yevropaning boshqa mamlakatlar bozorlariga mo‘ljallangan ip kalava, momiq sochiq, uy tekstil mahsulotlari, trikotaj, xom mato, bo‘yalgan mato va boshqa to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga asoslangan ushbu loyiha to‘liq amalga oshirilsa, 12−15 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tomoni loyihani hayotga tatbiq etishning barcha bosqichlarida, shuningdek, yangi investitsiya tashabbuslarini ishlab chiqish jarayonida har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Ma’lumot uchun: Akcha Holding Turkiyadagi eng yirik kompaniyalardan biri bo‘lib, uning tarkibida yengil sanoat, energetika, oziq-ovqat mahsulotlari, turbodizel generatorlari va motorlar ishlab chiqarish sohalaridagi korxonalar mavjud. Ushbu kompaniyada 20 mingdan ortiq xodim ishlaydi.